Gurjistonda muddatli harbiy xizmatga chaqiruv tartibi o‘zgardi
Gurjistonda 2025 yil 1 yanvardan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqiruv tasodifiy tanlov asosida amalga oshiriladi. Chaqiriluvchi harbiy xizmatning o‘ziga ma’qul bo‘lgan uchta variantidan birini tanlashi mumkin bo‘ladi.
Gurjistonda 2025 yil 1 yanvardan majburiy harbiy xizmatga chaqiruv bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kirdi. Endi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv «Milliy majburiy harbiy xizmat» deb ataladigan harbiy xizmat uchun amalga oshiriladi.
Gurjiston OAVga ko‘ra, chaqiriluvlar 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, harbiy hisobda turgan fuqarolar uchun tasodifiy tanlov asosida amalga oshiriladi.
Muddatli xizmat uchun pul to‘lanadi, shuningdek, ta’til va dam olish kunlari beriladi. Shu bilan birga, chaqiriluvchi xizmatning o‘ziga ma’qul bo‘lgan uchta variantidan birini tanlashi mumkin bo‘ladi: jangovar bo‘linmada xizmat — olti oy muddatga; qo‘riqlash va ta’minot bo‘linmalarida xizmat — sakkiz oy; kichik komandirlik unvonini olish va ma’lum mutaxassislik uchun xizmat — 11 oy.
Chaqiruvlar yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xususan, jangovar bo‘linmalar uchun chaqiruv 15 apreldan boshlanadi.
Qo‘riqlash va ta’minot bo‘linmalari uchun xizmatga chaqiruv to‘rt bosqichda o‘tkaziladi: 15 mart, 1 iyun, 15 avgust va 1 noyabrdan.
Kichik komandirlik unvoni va ma’lum mutaxassislikka ega bo‘lish uchun chaqiruvlar esa 15 oktyabrdan boshlanishi belgilangan.
Avgust oyida Xorvatiya 2025 yil 1 yanvardan majburiy harbiy xizmatni qaytarishi ma’lum bo‘lgandi. Harbiy xizmat muddati — ikki oy. Ushbu qaror Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini fonida Yevropada keskinlik oshgani sabab qabul qilingan. Shuningdek, Yevropaning boshqa davlatlari ham muddatli harbiy xizmatni qaytarish masalasini ko‘rib chiqmoqda, ayrimlari esa bunday choralarni ko‘rishga ulgurdi. Xususan, 2023 yilda Latviyada muddatli harbiy xizmat yana yo‘lga qo‘yildi. Harbiy xizmat majburiy bo‘lgan Norvegiyada esa qo‘shimcha 20 ming askar va zaxiradagi harbiy xizmatchilar uchun reja ishlab chiqildi.
Mavzuga oid
19:02 / 04.01.2025
Gurjiston hukumati norozilik namoyishlarida ishtirok etgan 25 kishini deportatsiya qiladi
15:30 / 01.01.2025
«Veymar uchburchagi» Gurjistondagi repressiyalarni qoraladi
18:32 / 30.12.2024
Gurjistonning yangi prezidenti Tbilisi YeIga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyorligini ma’lum qildi
16:33 / 29.12.2024