Jahon | 11:41 / 02.01.2025
2360
3 daqiqa o‘qiladi

Kishinyovda yangi yil chiroqlari energiya inqirozi tufayli o‘chirildi

Kishinyovda ko‘chalarda yangi yilga bag‘ishlangan chiroqlar o‘chirildi. Bu Moldova hukumatining Rossiya gazini Ukraina orqali yetkazib berish to‘xtatilishi fonida elektr energiyasini tejash bo‘yicha birinchi chorasi.

Foto: Facebook / ixari.natalia

Ukraina orqali tranzitda Rossiya gazini yetkazib berish to‘xtatilishi munosabati bilan rasmiylar tomonidan joriy etilgan energiya tejash choralari tufayli Kishinyovda yangi yil chiroqlari 1 yanvar, chorshanba kuni o‘chirildi.

Kishinyovda elektr energiyasining bosqichma-bosqich uzilishi

Kishinyov meri matbuot kotibi Natalya Iksar Facebookʼda poytaxtning yangi yil girlyandalari osilgan, ammo chiroqlarsiz ko‘chalari suratini e’lon qildi. «Qishki ta’tillar tugadi», deb yozdi u. «Kishinev v teme» Telegram-kanalining yozishicha, butun shaharda yorug‘lik faqat Buyuk xalq yig‘ilishining markaziy maydonida qoldirilgan.

Avvalroq poytaxt meri Ion Cheban rasmiylar «1 yanvardan boshlab elektr energiyasini bosqichma-bosqich o‘chirish choralarini ko‘rishi» haqida ogohlantirgan edi. Merning aytishicha, asosiy archa, markaziy maydon va sobor yaqinidagi maydondan tashqari butun shahar bo‘ylab dekorativ yoritish chiroqlari o‘chiriladi. 

Mer Moldova hukumati energiya sarfini qanday kamaytirishni aniq tushuntirmaganidan shikoyat qildi. «Bizda 300 dan ortiq trolleybus, 350 ta maktab va bolalar bog‘chalari, shifoxonalar, poliklinikalar, strategik korxonalar, ko‘cha yoritgichlari va svetoforlar mavjud», — dedi u.

Rossiya raketasi Moldova havo hududini buzib kirdi

25 dekabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Ukrainani o‘qqa tutishi vaqtida raketalardan biri Moldova hududi ustidan uchib o‘tdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Mayya Sandu ma’lum qildi.

"Mamlakatlarimiz Rojdestvoni nishonlayotganda, Kreml buzg‘unchilikni tanladi — u Ukrainaning energetika infratuzilmasiga hujum qildi va Moldova havo hududini raketa bilan buzdi. Bu harakatlar xalqaro huquqqa zid keladi. Moldova buni qoralaydi va Ukraina bilan to‘liq birdamdir", deb yozdi Sandu.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ma’lum qilishicha, Rossiya raketasi Ruminiya hududi ustidan ham uchib o‘tgan. «Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga yana bir yirik hujumi. Bu Rojdestvo hujumi Putinning Rojdestvo sulhi haqida gapirganlarga bergan javobi. Bitta rus raketasi Moldova va Ruminiya havo hududi orqali o‘tgan. Bu bizga Rossiya nafaqat Ukrainaga tahdid solayotganini eslatadi». Buxarest Ruminiya havo hududi buzilganini rad etdi.

Mavzuga oid