Jahon | 14:01 / 04.01.2025
3001
9 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azoga aviazarbasi, Suriyaga tashrif buyurgan yevropalik vazirlar va Antalyaning rekordi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

 

G‘azodagi vaziyat

Isroil samolyotlari 24 soat ichida G‘azo sektoriga 34 marta havo zarbalari bergan. Hujumlar asosan fuqarolik obektlari va infratuzilmaga qaratilgan.

Shundan biri «humanitar xavfsizlik hududi» deb e’lon qilingan «Al-Mavasiy» qochqinlar lageriga berilgan zarba bo‘ldi. «Nusayrat» va «Al-Mavasiy» qochqinlar lagerlariga aviazarbalar natijasida 13 kishi, jumladan, 7, 11 va 13 yoshli uch aka-uka halok bo‘lgan.

Guvohlarning aytishicha, Isroil jangovar samolyotlari qochqinlar lagerlaridagi ikkita uyga zarba berib, katta vayronagarchilik va moddiy zararga sabab bo‘lgan. Shuningdek, qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.

Dayr-ul-Balah shahrining markaziy qismidagi binoga berilgan zarba oqibatida 8 falastinlik halok bo‘ldi. Ular orasida insonparvarlik tashkilotlari xodimlari ham borligi aytilmoqda. Halok bo‘lganlarning jasadlari hujum yaqinidagi yo‘lda topilgan.

Mahalliy hokimiyat va tibbiy manbalarning ta’kidlashicha, bu hujumlar G‘azo sektoridagi aholiga nisbatan qirg‘inning davomi bo‘lib, asosan tinch aholi nishon qilinmoqda.

Isroilning G‘azo sektoriga hujumlari qurbonlari soni 45 ming 658 nafarga yetdi. 2025 yil boshidan buyon Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi havo hujumlari 71 falastinlikning hayotiga zomin bo‘ldi, 145 kishi yaralandi.

 

Husiychilarning Isroil obektlariga hujumi

Husiychilar bir hafta ichida AQSh va Isroil obektlariga 22 ta hujum uyushtirdi, deb xabar berdi Abdulmalik al-Husiy Al Masirah telekanalida. Hujumlarda ballistik raketalar va dronlar qo‘llangan.

Al-Husiyning ma’lum qilishicha, hujumlar maqsadlari orasida Isroilning Tel-Aviv, Quddus shaharlari, Ben-Gurion aeroporti, Nevatim aviabazasi va elektr stansiyasi bor. Shuningdek, AQShning USS Harry S. Truman aviatashuvchi kemasiga 11 ta raketa va dron bilan zarba berilgani aytilgan.

Husiychilar yetakchisi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil davomida AQSh va Buyuk Britaniya Yaman hududiga 931 ta zarba bergan. Bu hujumlar 106 kishining halok bo‘lishiga va 314 nafarining yaralanishiga sabab bo‘lgan.

 

Yevropa vazirlarining Suriyaga tashrifi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Suriyaga rasmiy tashrif bilan borishdi. Ular Yevropa Ittifoqi nomidan mamlakatning yangi rahbari Ahmad al-Shar’a hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi.

Berbok o‘z bayonotida Germaniya Suriyaga hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish jarayonida yordam berishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat barcha etnik va diniy guruhlarning huquqlari kafolatlanganda o‘zgarishlar amalga oshishi mumkin. Shuningdek, Berbok Rossiyaning Suriyadan harbiy bazalarini olib chiqishi lozimligini qayd etdi.

Ushbu tashrif Asad rejimi qulaganidan keyin Yevropa tashqi ishlar idoralari rahbarlari tomonidan Damashqqa uyushtirilgan ilk tashrif bo‘ldi.

 

Ukrainaliklar urush yakunlari haqida

2024 yil oxirida Ukrainaning Rossiyaga hududiy yon berishga tayyor fuqarolari soni keskin oshdi. Kiyev xalqaro sotsiologiya institutining (KXSI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil fevral oyida ushbu ko‘rsatkich 26 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, dekabrga kelib 38 foizga yetgan.

Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr va dekabr oylari oralig‘ida hududiy imtiyozlarga rozi bo‘lganlar soni 6 foizga oshgan. Shunga qaramay, ukrainaliklarning 51 foizi har qanday hududiy yon berishlarga qarshi ekanini ta’kidlagan. Ammo oktyabr oyida bu ko‘rsatkich 7 foizga yuqori bo‘lgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, optimistik kayfiyatdagi fuqarolarning 60 foizi hududlarni berishga qarshi chiqmoqda, pessimistik fuqarolarning esa 59 foizi bunday yon berishni ma’qullashgan. Barcha mintaqalarda hududiy yon berishlarga qarshi bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda.

KXSI so‘rovi 2–17 dekabr kunlari o‘tkazilgan bo‘lib, unda 18 yoshdan katta bo‘lgan 2 ming kishi qatnashgan.

 

Yevropada gaz narxi oshdi

Ukraina orqali Rossiya gazining tranziti to‘xtatilishi ortidan Yevropada gaz narxi keskin oshdi. Bloomberg agentligining yozishicha, birinchi savdo haftasi yakunlari bo‘yicha gaz narxi 5 foizga oshib, 1 MWh uchun 50,27 yevroga yetdi (bu ming metr kub uchun taxminan 540 AQSh dollari degani). Bu narx 2023 yil oktyabridan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Gaz narxi oshishiga nafaqat tranzit to‘xtatilishi, balki Norvegiyadan yetkazib berishdagi muammolar ham ta’sir qildi. Hammerfestdagi STG zavodida kompressor ishdan chiqishi sababli eksport 9 yanvargacha to‘xtatildi. Shuningdek, Yevropada sovuq ob-havo omborlarning tezroq bo‘shashishiga sabab bo‘ldi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, hozir gaz zaxiralari 72 foizgacha to‘lgan, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 86 foizni tashkil qilgandi.

Yevropa Komissiyasi ta’kidlashicha, hozircha gaz ta’minoti xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Gaz Germaniya va Italiyaga muqobil yo‘nalishlar orqali yetkazilmoqda. Biroq mutaxassislar qish mavsumining qiyin kechishi sabab kelgusi isitish mavsumi uchun zaxira to‘plash murakkab bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

 

Koreya prezidenti hibsga olinmadi

Janubiy Koreyada Yun Sok Yolni hibsga olish urinishi harbiylar qarshiligi tufayli muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Yonhap agentligining xabar berishicha, prezident rezidensiyasi oldida 5 soat davom etgan tortishuvlardan so‘ng, tergovchilar order ijrosini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Sud-tergov organlari hibsga olish jarayoni xavfli tus olishi mumkinligini e’tirof etdi. Shuningdek, ular prezidentning qonunga bo‘ysunmaganidan «jiddiy afsus» bildirib, keyingi chora-tadbirlar rejasini aniqlashtirishni va’da qildi.

Tong soat yettida tergovchilar va politsiya prezident qarorgohiga yetib borgan, ammo ular 200 nafar prezident xavfsizligi xodimlari va harbiylar to‘sig‘iga duch kelgan.

Tergovchilar ikki marta to‘siqni yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lib, milliy xavfsizlik xizmati rahbari Pak Jong Junga orderni taqdim qilgan, biroq u «xavfsizlik qonunlari»ga ko‘ra tintuvga ruxsat berilmasligini aytgan.

Prezident tarafdorlaridan mingga yaqin odam ham qarorgoh oldida yig‘ilib, order ijrosiga to‘sqinlik qilishgan.

 

Grenlandiya Daniyadan mustaqil bo‘ladimi?

Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede orolning Daniyadan mustaqil bo‘lishiga intilishi zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, «Daniya bilan hamkorlik to‘liq tenglikka erishishga olib kelmagan».

Egede mustaqillikka erishish haqidagi qaror Grenlandiya xalqi tomonidan qabul qilinishi kerakligini aytdi, biroq ovoz berish jarayoni qachon o‘tkazilishi haqida aniqlik kiritmadi.

Grenlandiya 1953 yilgacha Daniya mustamlakasi bo‘lgan. Hozirda u o‘zini o‘zi boshqaruvchi hudud hisoblanadi va 2009 yilda mustaqillik e’lon qilish huquqini qo‘lga kiritgan. 2023 yilda orol hukumati konstitutsiyaning dastlabki loyihasini taqdim etgandi.

2023 yilning dekabrida AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani sotib olish istagini bildirib, orolning AQSh milliy xavfsizligi uchun ahamiyatli ekanini ta’kidlagan. Egede esa «Biz sotmaymiz va sotilmaymiz» deb javob qaytargan edi. Trampning gaplaridan so‘ng Daniya mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishni e’lon qildi.

 

Antalya sayyohlik borasida rekord

Turkiyaning Antalya shahri 2024 yilda o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichga erishib, 17 mln 278 ming 103 sayyohni qabul qildi. Bu haqda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy xabar berdi.

«Antaliya dunyo turizmining eng muhim markazlaridan biri sifatida tarixiy rekordga erishdi. Mehmonlarning eng katta qismini Rossiya, Germaniya va Buyuk Britaniyadan kelganlar tashkil qildi. Shuningdek, ilk bor chet eldan kelgan turk fuqarolari soni 1 mln kishidan oshdi. Bu tarixiy yutuq shahrimizning xalqaro jozibadorligini yana bir bor isbotladi», — dedi Ersoy.

Mavzuga oid