O‘zbekiston | 18:35 / 04.01.2025
43368
4 daqiqa o‘qiladi

“Katta miqdorda maosh beramiz deyishdi” – Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi

U o‘z ko‘rsatmasida o‘ndan ortiq ukrain askarini o‘ldirganini aytgan.

Illyustrativ foto: RIA Novosti

Rossiya Qurolli kuchlari safiga qo‘shilgan, Marhamat tumanida yashovchi erkak jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1985 yilda tug‘ilgan T.A. ishlab pul topish maqsadida 2023 yil aprel oyida Rossiyaning Moskva shahriga borgan. U yerda mavsumiy ishlarda ishlab yurishi davomida Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgan.

Jumladan, T.A. 2023 yil 21 iyul kuni Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan. Ushbu shartnomaga asosan Rossiya armiyasi safida Ukrainaning Shaxta va Baxmut shaharlaridagi harbiy harakatlarda qatnashgan. 2023 yil 31 dekabr kuni esa O‘zbekistonga qaytib kelgan.

T.A. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

2023 yil 17 aprel kuni Moskva shahriga bordim. Dastlab 15 kun “Sarok” do‘konida qassobchilik bilan shug‘ullandim. 2023 yilning taxminan may oyi boshida “Navatek” neft birjasiga ishga kirdim. U yerda Rossiya fuqarosi Igor Vilodimovich bilan tanishdim. Igor Vilodimovich menga Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan urushda Rossiya Qurolli kuchlari nomidan ishtirok etishini taklif qildi. Yollanishi evaziga menga katta miqdorda maosh berilishini, urushda ishtirok etishidan oldin Rossiya Qurolli kuchlari bilan o‘zaro shartnoma tuzilishini, agarda urushda jarohat olsam tovon puli ham berilishini aytdi.

Uning taklifiga qiziqib qoldim. 2023 yil iyun oyida Rossiya Qurolli kuchlari bilan harbiy xizmatga kirish va o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tish bo‘yicha o‘zaro shartnoma tuzdim. Mazkur shartnomaga asosan 2 oy muddatga harbiy o‘quv mashg‘uloti o‘tash uchun Moskva shahridagi o‘quv poligoniga bordim. U yerda harbiy qurollardan otish mashg‘ulotlarini o‘rganib oldim.

2023 yil 21 iyul kuni Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzdim. Unga asosan jangovar harakatlarda ishtirok etishim uchun menga har oy 450 ming rubl pul to‘lanishi belgilandi. Dastlab 2 marotaba 150 ming rubl berildi, lekin keyinchalik hech qanday to‘lov amalga oshirilmadi.

2023 yil iyul oyi oxirlarida Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan Ukrainaning Shaxta va Baxmut shaharlarida amalga oshirilayotgan jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun bordim. 2023 yil noyabr oyiga qadar jangovar harakatlarda ishtirok etdim. Ukrainaning 10 nafardan ortiq harbiy xizmatchilarini o‘ldirdim. Jangovar harakatlarda yaxshi ishtirok etganim uchun Rossiya Qurolli kuchlarining razvedka bo‘limiga o‘tkazishdi. So‘ng Ukraina davlatining Luhansk shahrida bo‘layotgan urushda 5 oydan ortiq muddatda jang qildim.

2023 yil dekabr oyi oxirlarida Moskva shahriga qaytib keldim. Menga Rossiya Qurolli kuchlari safida qolish taklifi berildi, ammo ularning taklifini qabul qilmadim”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

T.A. 2023 yil 31 dekabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan hamda o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga borib, Rossiya armiyasiga yollanganini aytib bergan.

Sud hukmi bilan T.A. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) hamda 154-1-moddasi 1-qismida (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 4 yil 2 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Oldinroq Moskvaga o‘qishga borib, urushda qatnashgan talaba jinoiy jazoga tortilgandi.

Mavzuga oid