Xitoyda qurilayotgan “quyoshli” osmono‘par bino suratlari namoyish etildi (foto)
Futuristik bino quyosh nurlarini o‘zida aks ettirib, ularni bino atrofidagi yaxshi yoritilmagan hududlarga yo‘naltiradi.
Xitoyda Zaha Hadid Architecs (ZHA) me’morchilik byurosi mutaxassislarining nazorati ostida yangi me’moriy mo‘jiza yaratilmoqda. Shenjyen shahrida qurilayotgan bino kelajakni aks ettiradi.
New Atlas ma’lumotlariga ko‘ra, qurilishi tugallangandan so‘ng, minorada Shenjyen moliyaviy texnologiyalar instituti joylashadi. Inshootning balandligi 199 metrni tashkil etadi. Bino baland, ammo unchalik katta emas.
Binoning asosiy skeleti qurib bo‘lingan. Uning tashqi tomoni o‘zida quyosh nurlarini aks ettirib, atrofdagi hududlarni yoritishga mo‘ljallangan — me’morlarning rejasiga muvofiq bu hududlar soyada qolmasligi kerak.
ZHA mutaxassislarining tushuntirishicha, atrofga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadigan quyosh nuri miqdorini optimallashtirish uchun maydondagi quyosh nurlarining yillik yo‘nalishlari xaritasi tuzilgan va modellashtirilgan.
Minora sirti o‘ziga o‘zi soya beruvchi maxsus tashqi elementlar bilan jihozlangan issiqlik izolyatsiyasiga ega. Uning yordamida binoga quyoshdan bevosita uradigan issiqlik ta’siri kamayadi.
Minoraning ichki maydoni 76 000 kvadrat metrni tashkil qiladi. Unda 46 ta qavat bor. Bu yerda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik muassasalari, laboratoriyalar va boshqa ko‘plab obektlar joylashadi.
Havoni ifloslantiruvchi moddalarni filtrlash uchun binoda ko‘plab yashil o‘simliklar bo‘ladi. Bundan tashqari, tom qismidagi bog‘da tadbirlar, ko‘rgazmalar va dam olish uchun mo‘ljallangan yopiq maydonlar barpo etiladi.
Boshqa zamonaviy ZHA loyihalari kabi, ushbu osmono‘par bino ham texnologiyalar bilan jihozlanadi. Sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirilgan aqlli tizim kun davomida odamlar sonini kuzatib boradi va ularning ehtiyojlarini oldindan aniqlaydi. U tashrif buyuruvchilar va binoda yashovchilarga qulay sharoit yaratish uchun isitish va sovitish tizimlarini doimiy moslashtirib turadi.
“Quyoshli” osmono‘par bino qachon qurib bitkazilishi hozircha noma’lum.
Mavzuga oid
23:09 / 06.01.2025
Tesla’ning Xitoydagi yangi megafabrikasi o‘z faoliyatini boshladi
12:13 / 06.01.2025
Yangi yilning birinchi kunida Xitoyning Sian shahridan Toshkentga yuk poyezdi jo‘natildi
20:26 / 05.01.2025
Xitoyda metapnevmovirus grippdan keyingi ikkinchi eng ko‘p tarqalgan O‘RVIga aylandi
23:50 / 03.01.2025