Yekaterinburgda terakt ishi bo‘yicha o‘smirlar hibsga olindi
Yekaterinburg sudi uch o‘smirni 21 fevralgacha hibsga oldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular politsiya mashinasiga o‘t qo‘yib, jamoat joyida qo‘lbola bombani portlatish uchun hozirlik ko‘rishgan.
Yekaterinburgning Lenin rayon sudi 5 yanvar, yakshanba kuni shaharda terakt tayyorlashda ayblangan uch o‘smirni 21 fevralgacha hibsda qoldirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Hibsga olinganlardan biri 16 yoshda, qolgan ikki nafari 17 yoshda, deb yozadi «Interfaks».
Qayd etilishicha, ikki nafar voyaga yetmagan o‘smir «bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan terrorchilik harakati»da ayblanmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi (TQ) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smirlar 2024 yil 22 dekabrga o‘tar kechasi politsiya mashinasini yoqib yuborishgan.
Avtotransport vositasiga o‘t qo‘yish ishi bo‘yicha ayblanuvchilardan biri, shuningdek, uchinchi o‘smir Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining «terroristik harakatga tayyorgarlik ko‘rish» va «portlovchi moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish va olib yurish» moddalari bo‘yicha ayblangan. Tergovning fikricha, o‘smirlar qo‘lbola portlovchi moslama va elektr detonator yasashgan, ayblanuvchilardan biri Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari tomonidan qo‘lga olinmaguncha uni ryukzakda olib yurgan.
Ikkala ish ham bir ish yurituvi doirasida ko‘rib chiqilmoqda.
Leningrad oblastida maktab o‘quvchilari «natsizm reabilitatsiyasida» gumonlanmoqda
Leningrad oblastida, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 29 dekabr kuni Kingiseppdagi Abadiy olovni qor bilan o‘chirib qo‘ygan 4-5-sinflarning uch nafar maktab o‘quvchisi qo‘lga olindi, deb xabar berdi 1 yanvar kuni "Fontanka" nashri. Unga ko‘ra, maktab o‘quvchilari mahalliy ma’muriyat rahbari o‘rinbosari memorial bog‘dagi o‘chirilgan olov yuzasidan politsiyaga shikoyat qilganidan keyin qo‘lga olingan. Yodgorlik 1919 yilda fuqarolar urushi paytida otib tashlangan qizil armiya askarlariga bag‘ishlangan. Bundan tashqari, parkda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan askarlar va ofitserlar, shuningdek, konslager mahkumlariga yodgorliklar mavjud.
Tergov qo‘mitasining Kingisepp rayoni bo‘yicha boshqarmasi «bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, natsizmni reabilitatsiya qilish» bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi, bu besh yilgacha qamoq yoki 5 million rublgacha jarima bilan jazolanadi.
Qo‘lga olingan o‘smirlarning ikki nafari 10 yoshda, uchinchisi 11 yoshda. Rossiyada jinoiy javobgarlik 16 yoshdan boshlanadi, shuning uchun maktab o‘quvchilari jinoiy ish figuranti bo‘lolmaydi. "Fontanka" xabariga ko‘ra, ular politsiya bo‘limida so‘roq qilinganidan keyin ota-onalariga topshirilgan. Yaqin kunlarda ular voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektor bilan uchrashuv o‘tkazishadi.
Mavzuga oid
13:27 / 31.12.2024
Yekaterinburgda ko‘makka muhtoj o‘zbekistonliklarga yordam ko‘rsatildi
13:31 / 17.04.2024
Tataristonda o‘smirlar harbiy-sanoat kompleksidagi ishlarga jalb etilishi mumkin
12:37 / 24.01.2024
Migrantlarning Rossiyada o‘rdaksimon yurishga majburlangani holati o‘rganilmoqda - Tashqi mehnat migratsiya agentligi
18:21 / 22.01.2024