«Bu *****, kechirasiz». Zelenskiy podkastda sanksiyalar, sulh va Lukashenkoning uzri haqida gapirdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy amerikalik bloger va podkaster Leks Fridmanga katta intervyu berib, unda keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlarini yodga olgan va tinchlikka erishish yo‘llari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgan. «Putinning xayolida - meni Tramp bilan urushtirib qo‘yish va hududlarimizni uzil-kesil bosib olish», – degan u.
AQSh va g‘arbning bosqin arafasidagi va’dalari haqida gapirarkan, u so‘kinib yuborgan, shuningdek, urushning ilk kunlarida Aleksandr Lukashenko bilan gaplashganini birinchi marta tan olib, u Ukraina bo‘ylab yo‘llangan zarbalar uchun uzr so‘raganini aytgan.
Intervyu qariyb uch soat davom etgan. Fridman muloqot rus tilida kechishini istagan bo‘lsa-da, Zelenskiy asosan ukrain tilida so‘zlagan.
Muloqot boshida Leks Fridman Moskvaga borish va Vladimir Putin bilan ham intervyu yozishni rejalashtirgani haqida gapirgan. Shuningdek, podkaster Putin, Zelenskiy va Donald Tramp 25 yanvar kuni — AQSh prezidenti inauguratsiyasidan keyin uchrashishi va tinchlik bo‘yicha kelishib olishi zarur deb hisoblashini bildirgan.
Zelenskiy AQShning saylangan prezidenti Ukrainaga samolyotda uchgan birinchi jahon yetakchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgani, ammo bu faqat urush yakunlansagina ro‘y berishi mumkinligini qayd etgan (Rossiya bosqini boshlanganidan keyin Ukraina bo‘ylab barcha aeroportlar yopilgan, xorijlik siyosatchilar avvaliga qo‘shni davlatlarga uchib, u yerdan poyezdda Kiyevga yo‘l olishadi).
Sanksiyalar to‘g‘risida
Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanishi haqida gap boshlanganida Zelenskiy g‘arblik hamkorlar bilan muloqotlarini eslagan.
«Men faqat bitta narsani so‘radim, birinchi navbatda AQShdan — agar ishonchingiz komil bo‘lsa, dalillaringiz bo‘lsa, agar siz u bilan [Putin] gaplashgan va u sizga bosqin bo‘lishini aytgan bo‘lsa, agar bularning barchasi sizni qo‘rqitsa, men bunga dalil so‘ramayman, shunchaki ikki narsa berishingizni so‘rayman — bizni qurollar bilan kuchaytiring, ammo undan yaxshirog‘i — bizni hech qanday urush bo‘lmasligi uchun zarur sharoitlar bilan kuchaytiring. Bu qurol emasdi, men ulardan birinchi navbatda sanksiyalarni so‘ragandim. Ya’ni uni qo‘rqitib qo‘yishni», — degan ukrainlar prezidenti.
«Iltimos, „agar u kelsa, agar u chegaradan o‘tsa, agar u o‘ldiradigan bo‘lsa, sanksiyalar kiritamiz demang“ dedim. Lekin bu x**nya, kechirasiz», — deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Fridman Zelenskiydan Ukrainaga o‘shanda yordam ko‘rsatilmaganini aytmoqchimisiz, deb aniqlik kiritishni so‘ragan.
«Men yo‘q deb hisoblayman. Biz yordam olmadik. Agar quruq so‘zlarni yordam deb hisoblasak, unda biz juda ko‘p yordam olgan bo‘lamiz».
Bosqin boshlanganidan keyingina g‘arb mamlakatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgan va Kiyevga qurol yetkazib bera boshlagandi.
Lukashenkoning uzri haqida
Zelenskiy urushning ilk kunlarida belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan suhbatlashganini ham eslagan. O‘sha kunlarda Rossiya qo‘shini Belarus hududi orqali chegarani kesib o‘tib, Kiyevni egallashga uringan, ammo yakunda muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.
«Urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib men Lukashenko bilan telefon orqali gaplashdim va u uzr so‘radi, u „bu men emasman, mening hududimdan raketalar uchirildi va ularni Putin uchirdi“ dedi. Bu uning so‘zlari, guvohlarim bor. U menga yana shunday dedi: „Sen ishon, Volodya, bu men emasman, men nazorat qilmayapman, bu raketalar Putinniki…“.
Men unga u ham xuddi shunday qotil ekanini aytdim, u esa menga dedi: „Tushun, ruslar bilan urushib bo‘lmaydi“. Men unga dedim: „Biz hech qachon urush qilmaganmiz. Raketalar sening yeringdan keldi, Belarusdan, bunga qanday yo‘l qo‘yding?“» — deya xotirlaydi Zelenskiy.
Uning aytishicha, Lukashenko unga Belarus hududi bo‘ylab zarba berishni taklif qilgan.
«U dedi: „Yaxshi, neftni qayta ishlash zavodi bo‘ylab zarba yo‘lla, u men uchun qanday ahamiyatga egaligini bilasan-ku“... Bu Mozirskiy zavodi edi. Men unga aytaman: sen nima deyapsan, qanaqa javob? Bu urushning ikkinchi yoki uchinchi kunida bo‘lgandi», — deydi Zelenskiy.
Ukrainlar prezidenti bungacha bunday muloqot va Lukashenkoning uzri haqida tilga olmagandi.
Mozirskiy neftni qayta ishlash zavodi — Rossiya armiyasi uchun asosiy yonilg‘i ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi — o‘tgan yilning 15 iyulida o‘z faoliyatini to‘xtatgandi, rasmiy sababi — bo‘ron tufayli.
Ammo ukrain nashrlari uning faoliyati to‘xtashiga ukrain dronlari hujumlari sabab bo‘lgani haqida yozgan.
Sulhga erishish imkoniyatlari haqida
Sulh istiqbollari haqida so‘ralganida, Zelenskiy avvaliga 2019 yilda Putin bilan Donbassdagi navbatdagi sulh bo‘yicha kelishib olgani, ammo Rossiya bir oy o‘tib uni buzganini eslagan.
«Men unga ruslar go‘shakni umuman ko‘tarmay qo‘ygunicha qo‘ng‘iroq qildim. Men keyingi uchrashuv o‘tkazilishini xohladim, rossiyaliklar rad etishdi, biz turli mamlakatlar orqali bunga urinib ko‘rdik, ammo rossiyaliklar qandaydir ahmoqona gaplarni aytib, buni xohlashmadi», — deya xotirlaydi Zelenskiy.
Fridmanning Zelenskiy yanvarda Tramp va Putin bilan bir vaqtda uchrashib, xavfsizlik kafolatlari ko‘zda tutilgan tinchlik shartnomasi imzolashi ehtimoli haqidagi savoliga javoban u avvaliga faqat Trampning o‘zi bilan uchrashuv o‘tkazishni va muzokaralarga yevropaliklarni jalb qilish niyatida ekanini aytgan.
«O‘ylaymanki, 25 yanvarda yoki boshqa kunda biz birinchi navbatda Tramp bilan o‘tiramiz. Biz urushni va Putinni qanday to‘xtatishimiz mumkinligini kelishib olamiz. Va agar u kuchli xavfsizlik kafolatlari taklif qilsa, unda rossiyaliklar bilan ham muloqot bo‘lishi mumkin. Va faqat shundan keyin. Shunchaki birdaniga uchovimiz uchrashib boshlamaymiz», — degan Ukraina prezidenti.
«Yevropa ham ovozga ega bo‘lishi biz uchun muhim, — deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy. — Ishonchim komilki, u [Tramp] Yevropa bilan birgalikda Ukrainaga kuchli xavfsizlik kafolatlarini taklif qila oladi».
«Agar u o‘t ochishni to‘xtatsa va uch oy o‘tib Putin yangi hujum boshlasa, Tramp kim degan odam bo‘ladi? Tramp va Ukraina qanday ahvolda ko‘rinadi? Putin nima uchun boshlaydi? Chunki u bugun Trampdan qo‘rqmoqda. Va Tramp jiddiy xavfsizlik kafolatlarisiz o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi bilanoq u Putinga past ketgan bo‘ladi. U o‘zi buni istamaydi, ammo u Putinga imkoniyat beradi, chunki Putinning xayolida — meni Tramp bilan urushtirib qo‘yish va bizning hududlarimizni uzil-kesil okkupatsiya qilish», — degan ukrainlar prezidenti.
Zelenskiy Putinning istaklarini kutmasdan, uni urushni to‘xtatishga majbur qilishga chaqirgan. U Rossiya prezidenti urush yakunlanishini istamasligi va shu tufayli u bilan faqat kuch pozitsiyasida gaplashish kerakligini ta’kidlagan.
«Tramp to‘rt yilga keladi, beshinchi yilda Putin yangi urush bilan keladi. Trampga uning davrida urush bo‘lmasligi osonroq, undan keyin Ukrainani yakson etishadimi? Nima uchun yakson etishadi? Chunki Putin kim bo‘lsa ham ahmoq emas. U tayyorlanadi, xatolarini ko‘rib chiqadi, barchani qurol ishlab chiqarishga safarbar qiladi, unda juda katta armiya bo‘ladi. Va shunday kamsitilishdan keyin u qaytadi va faqat Ukraina bilan kurashadi deb o‘ylaysizmi? U atrofdagi barchani yakson etadi. Agar Tramp NATOdan chiqsa, Putin Yevropani yakson etadi», — degan u.
Budapesht memorandumi haqida
Xavfsizlik kafolatlari haqida gapirarkan, Zelenskiy yadroviy quroldan voz kechish evaziga mamlakatni himoya qilishga qaratilgan Budapesht memorandumini eslagan.
U Ukrainaga urushni to‘xtatish uchun faqat qog‘ozda qolib ketmaydigan xavfsizlik kafolatlari darkorligini qayd etgan.
«Budapesht memorandumida Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bor edi. Avvaliga Ukraina xavfsizligi uchun asosiy uch kafil davlat va Ukraina hamkorlari — AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya edi. Fransiya va Xitoy ham qo‘shilgan. Besh davlat bo‘lgan. Hozir esa biz bu hech qanday xavfsizlik kafolati bo‘lmaganini bilamiz», — deydi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Donbassning bir qismi va Qrim okkupatsiya qilingach, Ukraina bir necha yil mobaynida Budapesht memorandumi a’zolariga maktublar yozgan.
«Memorandumda nima yozilgandi? Maslahatlashuvlar, Ukraina agar hududiy yaxlitligi buziladigan bo‘lsa, maslahatlashuvlar o‘tkazishi. Va barcha maslahatlashuvlarda qatnashishi, kelishi, zudlik bilan uchrashishi ko‘rsatilgandi — Amerika, Britaniya, Rossiya, Fransiya, Xitoy. Kimdir keldimi? Yo‘q. Kimdir bu xatlarga rasmiy javob qaytardimi? Kimdir maslahatlashuv o‘tkazdimi. Yo‘q. Nima uchun? Ha po**ru (so‘kinadi). Bu ruschasiga tushunarlimi? Ruslarga po**r bo‘lganidek, bu mamlakatlarga, bu odamlarga, bu xavfsizlik kafolatlariga ham po**r bo‘lgan», — deya qo‘shimcha qiladi Zelenskiy.
Mavzuga oid
20:32
Belarus bardosh berilmaydigan urushga tortilmoqda - Lukashenko
10:47
Zelenskiy Lukashenko urushning ilk kunlarida uzr so‘ragani haqida esladi. Belarus tomoni rad etdi
13:36 / 06.01.2025
Zelenskiy: Putin bilan faqat kuch pozitsiyasida gaplashish kerak
19:37 / 03.01.2025