Amaldorlarga xizmat avtomobillari, mebel va ofis jihozlari xaridini kamaytirish buyurildi
Prezident qaroriga binoan, vazirliklar, idoralar va hokimliklar 2025 yilni tejamkorlik tamoyili asosida o‘tkazishi kerak.
25 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti 2025 yilgi davlat budjetiga doir qaror imzoladi.
Qarorga ko‘ra, birinchi darajali budjet mablag‘lari taqchimlovchilari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar 2025 yilda budjet mablag‘larini tejash va samaradorligini oshirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak.
Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlar faqat qo‘shimcha daromad manbayi mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.
Yil oxirigacha quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritish taqiqlandi:
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqaruv xodimlari ish haqi miqdorlarini oshirish (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini oshirish bundan mustasno);
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vlositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari (ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida foydalaniladiganlardan tashqari) xarid qilish.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari faqatgina Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda xarid qilinadi.
Budjet tashkilotlarining 2025 yil uchun xarajatlar smetasini tuzish jarayonida mebel va ofis jihozlari hamda tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish xarajatlari miqdorini 2024 yilga nisbatan 10 foizga kamaytirgan holda (bog‘chalar, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash muassasalaridan tashqari) rejalashtirish topshirig‘i berildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagilar qat’iyan taqiqlandi:
- budjet xarajatlari parametrlarini shakllantirishda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish, shuningdek, kommunal xizmatlar xarajatlari uchun mablag‘ yetishmovchiligiga yo‘l qo‘yish;
- mahalliy budjet va uning qo‘shimcha manbalari hisobidan normativ-huquqiy asosi bo‘lmagan qo‘shimcha shtat birliklarini saqlash;
- moliyalashtirish manbayi aniq bo‘lmagan tadbirlarni amalga oshirish.
2025 yil 1 yanvardan tuman (shahar) budjetlaridan mablag‘ bilan ta’minlanadigan sog‘liqni saqlash muassasalarini saqlash xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
12:11
2024 yilda soliq tushumlari qariyb 200 trln so‘mga yetdi
17:52 / 04.09.2024
Hindistonda amaldor daryoda cho‘kib ketdi. G‘avvoslar ish haqini olmaguncha uni qutqarishdan bosh tortgan
15:07 / 04.09.2024
Shimoliy Koreyada suv toshqinlarini bartaraf etolmagani uchun 30 nafar mas’ul amaldor qatl etildi – OAV
08:04 / 19.04.2024