Bugun kino va ijtimoiy hayot haqida gaplashamiz. O‘zbekning Murod Muhammad Do‘st degan yozuvchisi bor. Millatning faxri deyishga munosib yozuvchi. Bu ijodkorning kinochiligi yozuvchiligidan kam emas. Rejissyor Jahongir Qosimov mana shu sevimli yozuvchimiz kinossenariy asosida “Dev va pakana” degan juda ajoyib filmni suratga olgan. Kartinadagi bosh qahramon – jussasi katta yigit aslida jamiyatdagi qalbi katta insonlarning ramziy obrazi. Video mana shunday chinakam katta inson haqida.

G‘ayrat Do‘stov ishi

G‘ayrat Do‘stov ismli vatandoshimizga ortiqcha ta’rif berish shart emas, menimcha. U birgina chiqishi bilan uncha-muncha yulduzlar yillar davomida erisholmagan mashhurlikka ega bo‘ldi. Hozir butun O‘zbekiston shu inson haqida gapirmoqda va eng muhimi – hamma bu juda oddiy inson haqida yaxshi gapirmoqda. Do‘stovni maqtayvermanglar degan bir-ikkitasi ham chiqdi, lekin ular hisobga qo‘shishga arzimaydigan darajada oz.

Biroz mubolag‘aga jazm qilib aytadigan bo‘lsak, birgina chiqish bilan bunchalik ko‘p odamlar qo‘lloviga erishishga Martin Lyuter King ham havas qilgan bo‘lardi. G‘ayrat Do‘stovning o‘sha zapravkadagi portlashini ruscha bir serialdagi tarix o‘qituvchisining xuddi shunday portlashiga o‘xshatish mumkin. Mayli, qaysi filmligini aytmay qo‘yaqolaylik, ko‘pchiligingiz u qahramonni yoqtirmaysiz.

G‘ayrat Do‘stovni u o‘sha mashhur videosini yozgan zapravka egasining arizasiga binoan 15 sutkaga qamashgani, keyin jamoatchilik noroziligi fonida jazo 8 kungacha qisqartirilib, sud zalidan ozod qilinganini ko‘rdingiz. Odamning dilini xira qiladigan bu hodisada birgina ijobiy jihat bor – odamlarning reaksiyasi. Demak hali jamiyatimiz uyg‘oq ekanki, ko‘pchilik Do‘stov qamalishini qabul qila olmadi.

Sud kuni

Apellyatsiya sudi o‘tkazilgan kuni o‘nlab advokatlar G‘ayrat Do‘stovga bepul huquqiy xizmat ko‘rsatishga borganini ko‘rdingiz. Yuqori malakali bu huquqshunoslar o‘sha kuni boshqa biror ayblanuvchini himoya qilib yaxshigina pul ishlab olishi mumkin bo‘lgandir, lekin ular vijdonlarining amri bilan alamdan yuragini bo‘shatib olgani uchun yangi yilni panjara ortida kutib olgan vatandoshga yordam bergani borishdi. Ha, azizlar, atrofda hamma pul haqida o‘ylayotgandek tuyuladigan bugungi kunda hamon vijdon amrini moddiy manfaatdan ustun qo‘yadigan mard insonlar ko‘p ekan.

O‘sha kuni sudga borganlarni shunchaki metan dardi birlashtiradi deb o‘ylaganlar adashadi. Sudga borgan advokatlar, bloger-jurnalistlar, huquq faollarining ko‘pchiligi o‘ziga tinch odamlar, boshqacha aytganda benzinda yuradigan odamlar. O‘sha kuni ularni daxldorlik hissi sud zaliga yetaklab borgan.