Jahon | 19:21 / 07.01.2025
14437
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko hokimiyatni yangi avlodga tinch yo‘l bilan topshirish rejasi haqida gapirdi

Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2025 yil 26 yanvarda bo‘lib o‘tadi. Unda besh nafar nomzod, jumladan, 1994 yildan beri respublika prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Aleksandr Lukashenko yettinchi marotaba ishtirok etadi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hokimiyatga yopishib olmagani va uni yangi avlodga tinch topshirish uchun barcha ishni qilishga tayyorligini bildirdi.

«Men hokimiyaga yopishib olmaganman. Ushbu hokimiyatni yangi avlodga tinch, xotirjam topshirish uchun barcha ishni qilaman», — deydi Lukashenko Minsk oblastidagi cherkovga tashrifida.

Shu bilan birga, Belarus prezidenti yangi hukumat davrida ham yashash nasib etishiga umid bildirgan. «Farzandlarim yashaydi. Men ularning qanday yashashini ko‘rmoqchiman… Farzandlarim — mana bular (cherkovdagi bolalarni ko‘rsatib). Ularning qanday yashashini ko‘rishni istayman. Mana mening maqsadim», — deya ta’kidlaydi Lukashenko.

Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2025 yil 26 yanvarda bo‘lib o‘tadi. Unda besh nafar nomzod, jumladan, 1994 yildan beri respublika prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Lukashenko yettinchi marotaba ishtirok etadi.

2020 yilgi saylovlardan oldin ham Lukashenko o‘z nomzodini ko‘rsatish vaqtida «xalq qo‘llab-quvvatlamasa, hokimiyatga yopishib olmaganini» aytgandi. «Men ko‘kargan barmoqlarim bilan kursiga yopishib olmayman», — degan edi o‘shanda Belarus prezidenti.

2020 yil 9 avgust kungi prezidentlik saylovlaridan keyin Lukashenkoning g‘alabasi e’lon qilingach, Belarusda yarim yildan ortiq vaqt ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Muxolifat Lukashenkoning iste’fosini, siyosiy mahbuslar ozod etilishi va yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qildi. Norozilik aksiyalari kuchishlatar tuzilmalar tomonidan kuch bilan bostirilganidan keyin to‘xtagan edi.

Mavzuga oid