“Ozarboyjon birorta ham ortiqcha talab qo‘yayotgani yo‘q, Rossiya shartlarni bajarishni paysalga solyapti” - ekspert
Rossiyaning Ozarboyjon samolyotini urib tushirishi ikki o‘rtadagi munosabatlar sovuqlashishiga sabab bo‘ladi, lekin Bokuning geosiyosiy kursini o‘zgartirishiga olib kelmaydi. Ozarboyjonni Rossiya bilan qalin iqtisodiy munosabatlar bog‘lab turadi, qolaversa, Boku qo‘shilmaslik harakatining bayroqdorlaridan biri. Bu haqda Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida so‘z bordi.
Siyosiy fanlar nomzodi, professor Anvar Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya – Ozarboyjonning ikkinchi eng yirik savdo hamkori.
“Bunaqa voqealar doim bo‘lib turadi, bu birinchisi emas. Ha, Rossiya buni qilganini tan oldi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ilhom Aliyevdan kechirim so‘radi. Endi bu Rossiyaning Ozarboyjon bilan munosabatlariga qanday ta’sir qiladi, degan savolga javob berishimiz lozim. Ozarboyjon 10 million aholiga, taxminan 75 mlrd dollarlik yalpi ichki mahsulotga ega davlat. Ozarboyjonning Rossiya bilan savdo aylanmasi o‘tgan yili 5 mlrd atrofida bo‘lgan. Rossiya – Ozarboyjonning Turkiyadan keyingi ikkinchi eng yirik savdo hamkori hisoblanadi.
Bo‘lgan voqea Ozarboyjonning Rossiyaga munosabatini tubdan o‘zgartirish uchun sabab bo‘la olmaydi. Boku hech qaysi blokka intilmaydi”, – deydi u.
Siyosiy tahlilchi Shuhrat Rasulning qayd etishicha, Ozarboyjon mustaqil bo‘lganidan beri tashqi siyosat yuritish konsepsiyasida har doim qo‘shilmaslik siyosatini olib boryapti.
“O‘tgan yili qo‘shilmaslik harakatiga a’zo davlatlarning katta sammiti ham o‘tkazildi. Ozarboyjonning Rossiyadan talablari bor va ular shu talablarning bajarilishini xohlayapti. Bir qismi bajarildi, lekin Ozarboyjon rasmiylarga ko‘ra, bu kechirim to‘laqonli kechirim emas. Qolgan ikkita talabni ham Rossiya tomoni paysalga solyapti. Endi asosiy talab bu – ham o‘lganlar uchun, ham tirik qolganlar uchun kompensatsiya to‘lab berish kerak. Xalqaro havo kodeksiga ko‘ra ham shunday. Ozarboyjon xalqaro huquq normalari doirasida Rossiya harbiylarini javobgarlikka tortishni talab qilmoqda. Ular xalqaro huquqda nimayiki bo‘lsa, shuni so‘rayapti, biror ortiqcha talablari yo‘q. Mana shu oxirgi ikkita masala bo‘yicha Rossiya haligacha tayinli bir gap aytmayapti.
Mening shaxsiy fikrim, mana shu oxirgi ikkita talab ham menimcha, bajarilsa kerak, chunki bu yerda xalqaro surishtiruvlar davom etmoqda. Samolyot Braziliyaning Embraer kompaniyasiga tegishli, ular tekshiruvni boshlagan. Uchoqning qora qutisi ham kompaniyaga topshirilgan”, – deydi Shuhrat Rasul.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Ilhom Aliyev hokimiyatga kelishidan oldin, o‘n yil davomida uning otasi Haydar Aliyev Bokuning geosiyosiy vektorini G‘arbga yo‘naltirgandi. Ilhom Aliyev esa otasidan farqli tarzda Ozarboyjonni turli ittifoqlardan mustaqil tutmoqchi.
“Bugungi kunda “Global qo‘shilmaslik harakati”ning yetakchisi Boku hisoblanadi. Bu esa, Rossiya nuqtayi nazaridan, ruslarga qarshi degani emas. Ozarboyjon NATOga ham, KXShTga ham intilmaydi, ya’ni bular o‘rtasida tirashuv bo‘lsa, Boku hech qaysi tomonni tanlamaydi deyish mumkin.
Janubiy Kavkazda uchta davlat bor. Armaniston bugun Rossiyadan ajralgan va Moskva loyihalaridan amalda chiqib ketgan davlat. Gruziya Saakashvili davrida anti-Rossiya bo‘lgan davlat edi, bugungi kunda esa Gruziyaning ichida kurash ketmoqda, Rossiyaga do‘st bo‘lish yoki dushman bo‘lish masalasida. Biroq Ozarboyjon masalasida bunday deb bo‘lmaydi va birgina samolyotni urib tushirish voqeasi Boku tashqi siyosatini o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi”, – deydi Rabbimov.
Mavzuga oid
19:23
Kurskka hujum ko‘lami qanday va undan maqsad nima?
18:33
2024 yilda 80 mingdan ortiq migrant Rossiyadan chiqarib yuborildi
16:59
Tramp Rossiyaning «Ukraina NATOga qo‘shilishi» borasidagi tuyg‘ularini tushunishini aytdi
15:20