Iqtisodiyot | 18:04 / 07.01.2025
2979
4 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt budjeti tasdiqlandi – asosiy ko‘rsatkichlar

Toshkent shahar mahalliy budjetining 2025 yildagi daromadlari 9,4 trln so‘m so‘m bo‘lishi kutilyapti. Asosiy daromad manbai – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – 1,8 trln so‘m. Jami xarajatlarning qariyb uchdan ikki qismi 3 ta yo‘nalishga ketadi: issiqlik ta’minoti subsidiyalariga – 2,71 trln, tibbiy sug‘urtaga – 2,25 trln va jamoat transporti uchun subsidiyalarga – 1,2 trln so‘m.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi 2024 yil 26 dekabr kungi qarori bilan poytaxtning 2025 yilgi budjetini tasdiqladi.

Bu safar ham budjet qabul qilinishidan oldin uning loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmadi.

Rasmiylar Toshkent shahri yalpi hududiy mahsuloti 2025 yilda 8 foiz, 2026 yilda 7,5 foiz, 2027 yilda 7,2 foiz o‘sishini prognoz qilmoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich joriy yilda 302,3 trln so‘m bo‘lishi kutilyapti.

Daromadlar

Tumanlarni hisobga olmaganda poytaxt budjetining daromadlari 9 trln 434 mlrd so‘m miqdorida prognoz qilingan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 47 foizga (6,4 trln so‘m), 2024 yilga nisbatan 14 foizga (8,07 trln so‘m) ko‘p. Tartibga soluvchi transfertlar va tumanlar budjeti bilan hisoblaganda jami daromadlar 11,4 trln so‘mni tashkil etishi kerak.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i Toshkent shahri budjeti daromadlarining eng katta qismini tashkil qiladi – 1,8 trln so‘m (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish – 18,2 foiz).

Keyingi o‘rinlardagi yirik daromad manbalari yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i (1,59 trln so‘m, o‘sish – 27,6 foiz) va foyda solig‘i (1,07 trln so‘m, o‘sish –34,4) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i – 977 mlrd so‘m (o‘sish – 37 foiz), aylanmadan olinadigan soliq – 913 mlrd so‘m (o‘sish – 28 foiz), aksiz solig‘i – 730 mlrd so‘m (o‘sish – 42 foiz), davlat boji – 682 mlrd so‘m (o‘sish – 12,5 foiz), yig‘imlar – 460 mlrd so‘m (kamayish – 6 foiz), davlat ulushi bo‘yicha dividendlar va davlat

korxonalari foydasidan ajratmalar – 341 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, 2025 yilda jami 821 mlrd so‘m jarimalar to‘planishi mo‘ljal qilingan. Bu o‘tgan yildagi prozgnozlardan 33 foizga ko‘p.

Xarajatlar

Toshkent shahar budjetining 2025 yildagi jami xarajatlarining cheklangan miqdori 9 trln 697 mlrd so‘mni tashkil etishi reja qilingan.

Umumiy xarajatlarning sezilarli qismi issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplashga yo‘naltiriladi – 2,71 trln so‘m. Bu 2024 yilda belgilangan prognozdan (1,97 trln so‘m) 37,5 foizga, 2023 yil prognozlaridan (1,6 trln so‘m) qariyb 70 foizga ko‘p.

Joriy yilda jamoat transportining brutto shartnomasi asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun subsidiyalar bo‘yicha 1,2 trln so‘m, metropolitenda aholiga cheklangan tariflarda xizmat ko‘rsatish natijasida ko‘riladigan zararni qoplashga 683 mlrd so‘m (2024 yilda – 576 mlrd so‘m) ajratiladi.

2025 yilda poytaxt budjetidan kredit va qarzlarni qaytarishga jami 911,9 mlrd so‘m xarajat qilinadi. Bu o‘tgan yildagidan qariyb 2 barobarga (2024 yilda bu miqdor 480,4 mlrd so‘m bo‘lgan) ko‘p.

O‘z navbatida, tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga – 2,25 trln so‘m, obodonlashtirish boshqarmasiga – 635 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlash boshqarmasiga – 215 mlrd so‘m, soliq boshqarmasiga – 184 mlrd so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda. Shuningdek, ko‘p qavatli uylardagi liftlarni ta’mirlash va yangilashga – 165 mlrd so‘m sarflanadi.

Tumanlar kesimida eng katta daromadlar va xarajatlar prognozi Mirzo Ulug‘bek tumaniga to‘g‘ri kelmoqda – 166 mlrd so‘m. Eng kami Bektemir tumanida – 76 mlrd so‘m. 

Mavzuga oid