Qibrayda dorilarni elektron retsept asosida berish tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda
Toshkent viloyati Qibray tumanida dorilar bo‘yicha retsept yozish va ularni berish jarayoni raqamlashtirishga qaratilgan elektron retseptlarni joriy etish bo‘yicha pilot loyiha ishga tushirildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, hozirgi bosqichda loyiha bitta tibbiyot muassasasi va sakkizta dorixonalar tarmog‘ini qamrab oladi.
Dori-darmonlarni tayinlash va berish jarayonini raqamlashtirish quyidagilarga imkon beradi:
- Xalqaro patentlanmagan nomlar (XPN) bo‘yicha preparatlarni avtomatlashtirilgan tanlash orqali retseptlarni shakllantirishda xatolarni bartaraf etish;
- bemorlarga DMED mobil ilovasi orqali elektron retseptlardan foydalanish imkoniyatini berish;
- dorixonalarni real vaqt rejimida dolzarb ma’lumotlar bilan ta’minlash, dori-darmonlarni berish ma’lumotlarini qayd etish.
Spot’ning yozishicha, retsept olish uchun smartfonga DMED ilovasini o‘rnatish kerak (Android va iOS uchun). Elektron retsept bemorga shifokorga murojaat qilganida, uning telefonga yuborilgan kodni kiritganidan so‘ng beriladi. Bemor chiqarilgan retsept bilan dorixonaga boradi va uni farmatsevtga ko‘rsatadi. Farmatsevt retseptdagi QR-kodni skanerlash orqali unga kerakli dorilarni topshiradi.
Tizim ishlab chiqaruvchilarining ta’kidlashicha, bu dorixonalarga dorilarning tarqatilishi haqidagi aniq ma’lumotlarni real vaqtda olish imkonini yaratadi. Shuningdek, avtomatlashtirilgan patensiz nomlar bo‘yicha preparatlarni tanlash usuli retseptlarni tuzishdagi xatolarni oldini olishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil yanvarda prezidentning «Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.