Tibetda kuchli zilzila: yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgan
Tibetning tog‘li hududlaridan birida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 126 kishi halok bo‘lgan va 188 kishi yaralangan. Xitoy nashrlariga ko‘ra, yer qimirlashi oqibatida ko‘plab binolar qulagan.
Xitoy seysmologik tarmoqlar markazi (CENC) ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 9 atrofida XXRning Tibet avtonom hududining Nepal bilan chegarasi yaqinida 6,8 magnitudali zilzila ro‘y bergan.
Zilzila epimarkazi Tingri uyezdida, 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Undan keyin kuchi 4,4 magnitudagacha bo‘lgan aftershoklar ham qayd etilgan.
AQSh Geologiya xizmati (USGC) Shigadze shahridan 177 km janubi-g‘arbda 7,1 magnitudali zilzila ro‘y berganini xabar qilgan. Bu hudud Tibetdagi muqaddas tog‘lardan hisoblanib, bu yerda nufuzi bo‘yicha faqat Dalay-lamadan ortda qoladigan, Tibetdagi buddizmning muhim figuralaridan biri Panchen-lamaning qarorgohi joylashgan.
Yer silkinishi Nepal poytaxti Katmanduda, shuningdek, Butan va Hindiston hududlarida ham sezilgan.
«Tingri uyezdi va uning atrofidagi hududlarda juda kuchli yer silkinishini his qilishdi, epimarkaz yaqinidagi ko‘plab binolar qulab tushgan», — deya xabar bergan CCTV davlat telekanali.
Voqea joyida olingan kadrlarda vayron bo‘lgan uylar va atrofga sochilib ketgan parchalani ko‘rish mumkin.
Xitoy nashrlari xabar qilishicha, mahalliy rasmiylar zilzila oqibatlarini baholash uchun uyezddagi aholi yashash manzillarini aylanib chiqmoqda.
Sinoptiklarga ko‘ra, Tingrida harorat Tselsiy bo‘yicha -8 darajani tashkil qilmoqda va seshanba kuni kechqurun -18 darajagacha tushadi.
Baland tog‘larda joylashgan uyezdda 62 ming atrofida odam yashaydi. Bu hududda zilzilalar tez-tez ro‘y berib turadi, ammo bu safargisi so‘nggi besh yillikdagi eng kuchlisi bo‘ldi.
Region Hindiston va Yevrosiyo tektonik plitalarining asosiy yoriq chizig‘i yaqinida joylashgan va tez-tez seysmik faollikka duchor bo‘ladi.
2015 yilda Nepal poytaxti Katmandu yaqinida 7,8 magnitudali yer silkinishi ro‘y berishi oqibatida 9 mingga yaqin kishi halok bo‘lib, 20 mingdan ortiq kishi jarohatlangandi.
Mavzuga oid
19:34 / 07.01.2025
Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisiga ta’ziya yo‘lladi
17:54 / 29.12.2024
Xitoy Tibet janubida dunyodagi eng yirik GESni qurmoqchi. Aholi, Hindiston va ekologlar qarshi
20:30 / 28.12.2024
Helsinkida kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi
20:43 / 27.12.2024