Jamiyat | 16:40 / 07.01.2025
18781
3 daqiqa o‘qiladi

Xotirani yaxshilashda eng samarali bo‘lgan parhez aniqlandi

Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘rtayer dengizi parhezi ichakdagi bakteriyalar muvozanatini o‘zgartirish orqali miya faoliyatini yaxshilashga yordam berishi mumkin.

Foto: AFP

AQShning Tuleyn universiteti tibbiyot maktabi olimlari oziqlanish borasida kalamushlar ustida tajribasini o‘tkazdi. Ular O‘rtayer dengizi diyetasi asosida oziqlantirilgan kemiruvchilarning ichak bakteriyalari, odatdagi g‘arb diyetasi bilan ovqatlanadigan jonivorlarnikiga qaraganda butunlay boshqacha shakllanganini aniqladi. Ushbu bakterial o‘zgarishlar kuchli xotira va kognitiv qobiliyat bilan o‘zaro bog‘liq, deb yozmoqda Medical Xpress.

O‘rta yer dengizi parhezi tarkibiga quyidagi mahsulotlar kiradi:

  • asosiy yog‘ manbasi sifatida zaytun moyi;
  • ko‘p miqdordagi sabzavotlar, mevalar va donli mahsulotlar;
  • baliq va quruq oqsillar;
  • cheklangan miqdorda qizil go‘sht va to‘yingan yog‘lar;
  • turli xil o‘simlik manbalaridan olingan kletchatkalar.

Kalamushlar bilan o‘tkazilgan tajriba 14 hafta davom etdi. Olimlar ratsionida zaytun yog‘i, baliq va kletchatka ustunlik qilgan hayvonlarda to‘rtta foydali ichak bakteriyalari turi ko‘payganini, beshta zararli tur kamayganini kuzatdi. Mutaxassislar Candidatus Saccharimonas turidagi bakteriyalar ko‘payishini kognitiv funksiyalarning yaxshilanishi bilan bog‘ladi. Biroq Bifidobacterium bakteriyalarining yuqori darajasi kalamushlar labirintlarda turli testlardan o‘tishida xotira funksiyasini yomonlashtirgani aniqlandi.

O‘rtayer dengizi parhezidagilar yangi ma’lumotlarga moslashish qobiliyatini ham eng yaxshi darajada namoyish etgan. Bundan tashqari, ushbu kemiruvchilarning organizmida “yomon” xolesterin (PZLP) darajasi ancha past bo‘lgan.

Tajriba doirasida mutaxassislar taxminan 18 yashar insonlarga teng yoshdagi kalamushlardan foydalangani ma’lum qilindi. O‘rtayer dengizi diyetasi kognitiv moslashuvchanlik, xotira va ichak salomatligi uchun sezilarli afzalliklarni ko‘rsatdi.

“Tadqiqot natijalarimizdan ma’lum bo‘ldiki, O‘rtayer dengizi parhezi va uning biologik ta’sirlaridan o‘smirlarning o‘quv faoliyatini yoki yoshlarning mehnat unumdorligini oshirish uchun foydalanish mumkin. Xulosalar hayvonlar ustida o‘tkazilgan tajribalarga asoslangan bo‘lsa-da, ular O‘rtayer dengizi parhezini xotirani yaxshilash va demensiya xavfini kamaytirish bilan bog‘laydigan insonlar ustidagi tadqiqotlar bilan hamohangdir”, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Demetrius M. Maraganor.

Olimlar ta’kidlashicha, kuzatilgan natijalarni tasdiqlash va ovqatlanish tartibi, ichak bakteriyalari hamda miya faoliyati o‘rtasidagi murakkab aloqani chuqurroq tushunish uchun insonlar ishtirokida keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

Mavzuga oid