O‘zbekiston | 15:24 / 08.01.2025
1445
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbe shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi

"O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi tomonidan Tojikiston poytaxtida tashkil qilingan navbatdagi O‘zbekiston savdo uyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: dunyo.info

Tadbir davomida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan bir yil davomida Tojikistonga 115 mln dollarlik qurilish materiallari eksport qilingan. Bular orasida 34 million dollarlik metall mahsulotlari, 13 million dollarlik quruq qurilish aralashmalari va sement buyumlari, 12 million dollarlik sopol buyumlar, 23 million dollarlik quvurlar va plastmassa mahsulotlari, 11 million dollarlik DSP hamda MDF plitalari, 7 million dollarlik shisha va shisha buyumlar mavjud.

Tojikiston O‘zbekiston qurilish materiallari eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni qad etib, mamlakatning ushbu sohadagi ishonchli hamkorlardan biri sanaladi. Shu bilan bir qatorda, Made in Uzbekistan yorlig‘i ostidagi qurilish mahsulotlariga bo‘lgan talab Tojikiston bozorida yildan yilga ortib bormoqda.

Hozirda Tojikistonga gazobeton bloklari, issiqlik saqlovchi plitalar, tabiiy toshlar va gulqog‘ozlar eksportini yanada oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Hozirgacha "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi tomonidan ochilgan O‘zbekiston savdo uylari Ozarboyjon poytaxti Boku va Afg‘oniston poytaxti Kobul shaharlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid