Jahon | 11:33 / 08.01.2025
1025
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Yevropa Ittifoqini Suriyaga nisbatan sanksiyalarning bir qismini bekor qilishga chaqirdi

Annalena Berbokning Damashqqa safari ortidan Germaniya hukumati Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga Suriyaga qarshi sanksiyalarning bir qismini bekor qilishni taklif etdi, deb xabar beradi AFP. FT versiyasiga ko‘ra, bu taklif Germaniya tashqi ishlar vaziri tashrifidan oldin bildirilgan.

Foto: AP

Germaniya hukumati Yevropa Ittifoqi davlatlarini Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng Suriyaga qarshi sanksiyalarning bir qismini bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda 7 yanvar, seshanba kuni Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi va Fransiyaning AFP agentligi anonim qolishni istagan suhbatdoshlariga tayanib xabar berdi.

Suriyaga qarshi sanksiyalarning bir qismini bekor qilish

FT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil dekabr oyi oxirida nemis diplomatlari YeI davlatlari rasmiylariga Damashqqa qarshi sanksiyalar olib tashlanishi mumkin bo‘lgan sektorlar bo‘yicha takliflar bilan ikkita hujjat yuborgan. AFP xabariga ko‘ra, bu Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning 3 yanvar kuni Damashqqa qilgan tashrifidan keyingina sodir bo‘lgan.

FT ma’lumotlariga ko‘ra, bank va energetika sohalarida, havo transportida va oddiy suriyaliklarning xalqaro pul o‘tkazmalarida cheklovlarni olib tashlash taklif etilyapti. AFP xabarida aytilishicha, takliflar orasida Yevropa Ittifoqining Suriya hukumati bilan moliyaviy operatsiyalarga ruxsat berish masalasi ham bor.

AQSh Moliya vazirligi Suriyaga qarshi sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi

AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Suriya o‘tish davri hukumati vakillariga mamlakatda moliyaviy faoliyatni kengaytirish uchun umumiy litsenziya berdi. Bu haqda Reuters 6 yanvar kuni Amerika rasmiylarining tegishli rezolyutsiyasiga tayanib xabar berdi. «AQSh insonparvarlik yordami oqimini osonlashtirish maqsadida Suriyada Bashar Asad hukmronligi tugaganidan keyin olti oy muddatga davlat idoralari bilan tranzaksiyalar uchun sanksiyalardan ozod qilishni joriy etdi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanganidek, bosh litsenziya 7 iyulgacha «Suriyaga ba’zi energiya operatsiyalari va shaxsiy pul o‘tkazmalari»ga ruxsat beradi. Biroq, «bu qaror hech qanday sanksiyalarni bekor qilmadi», — deya aniqlik kiritmoqda ular. Suriyada ayni damda sezilarli darajada elektr taqchilligi kuzatilmoqda – mamlakatning aksariyat hududlarida kuniga uch soatgacha elektr ta’minoti mavjud. «Muvaqqat hukumat ikki oy davomida kuniga sakkiz soatgacha elektr energiyasini yetkazib berishni maqsad qilganini aytmoqda», deb yozadi Reuters.

O‘z navbatida, AQSh Moliya vazirligi bu harakat «sanksiyalar asosiy xizmatlar ko‘rsatishga va butun Suriya bo‘ylab hukumat funksiyalarining uzluksizligiga, jumladan elektr energiyasi, energiya, suv va kanalizatsiya bilan ta’minlashga to‘sqinlik qilmasligiga» qaratilganini aytdi. Choralarni yumshatish uchun ajratilgan olti oy davomida «AQSh hukumati voqealar rivojini joylarda kuzatishda davom etadi». Vashington mamlakatning yangi hokimiyati yo‘nalishi aniq bo‘lishini kutmoqda va xususan, Damashq ayollar va etnik ozchiliklar huquqlari bo‘yicha bergan va’dalarini bajarishiga kafolat izlamoqda.

Mavzuga oid