O‘zbekiston | 17:27 / 08.01.2025
10883
6 daqiqa o‘qiladi

Rasul Kusherbayev Wizz Air ustidan arz qildi. Aviakompaniya uni qora ro‘yxatga kiritgan

Jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev Wizz Air aviakompaniyasi ustidan prezident portaliga shikoyat yo‘lladi. Samarqand–Abu-Dabi reysida ekipaj a’zolari favqulodda chiqish joyi oldidagi o‘rindiqda o‘tirgan Kusherbayevga xavfsizlik qoidalarini ingliz tilida tushuntirgan, yo‘lovchi o‘zbek yoki rus tilida tushuntirishni so‘raganida, undan bortni tark etish talab qilingan. Aviakompaniya bunday talab qoidalarga muvofiqligini bildirdi.

O‘zbekiston ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev Wizz Air aviakompaniyasidan norozi ekani va o‘z shikoyatini davlat rahbarining virtual qabulxonasiga yo‘llaganini ma’lum qildi.

U YouTube'ga joylagan videosida aytishicha, Wizz Air aviakompaniyasining ekipaj a’zolari parvozdan oldin a’zolari undan xavfsizlik qoidalarini o‘zbek yoki rus tilida tushuntirishni so‘ragani uchun bortni tark etishni talab qilgan.

Kun.uz masalani o‘rganar ekan, aviakompaniyaning mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan bog‘landi. Aviakompaniya xodimi yo‘lovchiga bunday talab qo‘yilishi qoidalarga zid emasligini bildirdi.

Kusherbayev nima dedi?

Rasul Kusherbayevning aytishicha, u 9 noyabr kuni Samarqanddan Abu-Dabiga uchgan. Parvozdan oldin ekipaj a’zolari Kusherbayevga favqulodda chiqish eshigi oldida o‘tirgani uchun unga majburiyatlarini tushuntirgan. Yo‘lovchi ingliz tilini tushunmagani uchun, bort kuzatuvchisidan o‘zbek yoki rus tilida gapirishini so‘ragan. Ikkinchi ekipaj a’zosi esa bunday qilolmasligini aytib, Kusherbayevdan samolyotdan tushib qolishini so‘ragan. Ikki o‘rtada yana nimalar bo‘lgani hozircha noma’lum, Kusherbayev janjal ko‘tarmaganini aytdi.

Ma’lumki, aviakompaniyalar favqulodda chiqish eshiklari yonidagi o‘rindiqlarni (oyoqni bemalol uzatib o‘tirish imkoniyati borligi uchun) odatda qimmatroq sotadi. Lekin ayrim hollarda bunday joylar reys uchun eng oxirgi bo‘lib ro‘yxatdan o‘tgan yoki bu o‘rinlarni aviakompaniyaning elektron platformasi orqali band qilgan yo‘lovchilarga ham nasib etishi mumkin. Bu borada turli aviatashuvchilar turlicha yondashuvlarga ega.

Rasul Kusherbayevning aytishicha, to bortga chiqquncha bunday joyda o‘tirishidan bexabar bo‘lgan, ya’ni unga bu joy tasodifan to‘g‘ri kelib qolgan. Bort kuzatuvchi avvaliga barchaga xavfsizlik qoidalarini tushuntirgan, shundan keyin favqulodda chiqish eshigi yonida o‘tirgan Kusherbayevga qarata yana ingliz tilida boshqa alohida tushuntirishlar bergan. Kusherbayev o‘zbek yoki rus tilida tushuntirish berishlarini so‘raganidan keyin, undan bortni tark etish talab qilingan.

Yo‘lovchi talabni rad etgach, ekipaj a’zosi unga Abu-Dabi politsiyasiga murojaat qilishini aytgan va manzilga yetib borilganida, shunday qilingan ham. O‘z navbatida, Kusherbayev O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilishini bildirgan. Abu-Dabi politsiyasi esa taraflarga o‘zaro kelishib olishni maslahat bergan.

“Wizz Air xodimlari mening pasportimni rasmga olib, bu kompaniya xizmatidan boshqa foydalana olmasligini, unga nisbatan sanksiya qo‘llashlarini bildirdi”, deydi sobiq deputat. U aviakompaniyaning harakatlarini O‘zbekistonda davlat tiliga nisbatan hurmatsizlik deb baholadi.

Aviakompaniya nima deydi?

Kun.uz Kusherbayevning iddaosiga munosabat bildirishni so‘rash maqsadida, Wizz Air vakillari bilan bog‘lanishga urindi, ammo Toshkentda kompaniyaning vakolatxonsi yo‘qligi oydinlashdi. Loukosterning vakillari faqat reyslar bo‘lgandagina aeroportga kelishadi. 6 yanvar mahalliy vaqt bilan 10:50 da Toshkentdan Abu-Dabiga reys belgilangan va biz bu reysga mas’ul kompaniya vakillari bilan qisqa gaplashishga muvaffaq bo‘ldik. Ularga masalani tushuntirganimizda, xodimlar faqat shu reys uchungina javobgar ekani, savollarimizga javob berolmasligini bildirdi.

Shundan keyin Wizz Air rasmiy sayti orqali kompaniyaning ilovasiga o‘tib, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan chat orqali muloqotda bo‘ldik.

Savollarimizga javob bergan Mariya ismli xodimning aytishicha, favqulodda chiqish eshigi oldidagi o‘rindiqlarda ingliz tilini bilmaydigan yo‘lovchilarning o‘tirishi mumkin emas. Lekin oyoqni bemalol cho‘zib o‘tirish mumkin bo‘lgan joylar ingliz tilidan bexabar mijozlarga ham sotilishi mumkin, chunki sotuv jarayonida xaridorning inglizchani bilish-bilmasligini aniqlash murakkab.

Agarda yo‘lovchi bunday joyni alohida sotib olmagan, bu joy unga boshqa biror sabab bilan berilgan bo‘lsa va u ingliz tilini bilmasa, u holda ekipaj a’zolari bunday yo‘lovchini boshqa joyga o‘tkazishi kerak. Boshqa bo‘sh joylar bo‘lmagan holatlarda esa, yo‘lovchiga parvoz qilish taqiqlanishi mumkin, deya ma’lum qildi Wizz Air mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati vakili.

Rasul Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, uning prezident portaliga yo‘llagan murojaatini Transport vazirligi ko‘rib chiqmoqda.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid