2027 yildan O‘zbekistonda plastik paketlar taqiqlanishi mumkin
2027 yildan boshlab plastik paketlarni ishlab chiqarish, olib kirish va ulardan foydalanishni taqiqlanishi hamda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) paketlardan foydalanish rag‘batlantirilishi mumkin.
O‘zbekistonda 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan plastik bilan ifloslanishni kamaytirish bo‘yicha milliy dastur loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi» loyihasida nazarda tutilgan.
Jumladan, 2027 yildan boshlab plastik paketlarni ishlab chiqarish, olib kirish va ulardan foydalanishni taqiqlash hamda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) paketlardan foydalanishni rag‘batlantirish taklif etilgan.
Bundan tashqari, plastik mahsulotlarining kimyoviy tarkibidagi zararli moddalardan foydalanishni cheklash va qadoqlarda qayta ishlangan plastikdan foydalanish koeffisentlarini belgilash rejalashtirilgan. Hujjat loyihasi 2025 yilning sentabrigacha ishlab chiqilishi va 2025 yilning noyabrigacha Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak.
Davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabrga qadar plastik qadoqlarni yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga «taralarni qaytarish», ushbu turdagi chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o‘rnatish orqali yig‘ib olish va utilizatsiya qilish, utilizatsiya yig‘imini to‘lash bo‘yicha kengaytirilgan majburiyatni joriy qilish majburiyatini yuklaydigan qonun loyihasini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.
Hozirgi vaqtda Keniya, Uganda, Ruanda, Tanzaniya, Eritreya, Malavi, Janubiy Afrika, Mavrikiy, Mozambik, Bangladesh, Xitoy (qisman), Tayvan, Hindiston (ayrim shtatlar), Fiji, Papua-Yangi Gvineya, Bermuda, Bahama orollarida plastik paketlardan foydalanish to‘liq taqiqlangan.
Qisman taqiqlangan yoki plastik paketlardan foydalanishga yuqori soliq joriy qilingan mamlakatlar: Fransiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Belgiya, Niderlandiya, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Kanada (ba’zi provinsiyalar), AQSh (ba’zi shtatlar) va Avstraliya (ba’zi shtatlar).
Mavzuga oid
18:02 / 04.12.2024
Qurilish maydonlarida atmosfera havosi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanadi
19:40 / 17.11.2024
Olimlar dunyodagi chuchuk suv zaxiralari nega kamayganini tushuntirdi
16:49 / 16.11.2024
Okean suvlarining isishi chig‘anoq hosil qiladigan planktonlarga xavf solmoqda - tadqiqot
11:40 / 10.09.2024