Jahon | 13:03 / 09.01.2025
4333
3 daqiqa o‘qiladi

Engelsda dronlar hujumidan keyin favqulodda holat e’lon qilindi

Ukraina uchuvchisiz uchoqlari sanoat korxonasiga hujum qildi. Bir qator OAV xabarlariga ko‘ra, bu strategik aviatsiya neft bazasida yong‘inga sabab bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Saratov oblastining Engels shahrida 8 yanvar, chorshanba kuni ertalab Rosrezerv neft bazasiga Ukraina uchuvchisiz uchoqlari tomonidan berilgan zarbadan so‘ng yong‘in hududi kechga yaqin kuchaygan, shu munosabat bilan rasmiylar favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda mintaqa gubernatori Roman Busargin ma’lum qildi. Uning Telegramʼdagi xabarida «sanoat korxonasi» zarar ko‘rgani haqida so‘z boradi.

Busarginning so‘zlariga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in xavfsizligi xizmatining ikki xodimi halok bo‘lgan, bir o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan. Avvalroq u qurbonlar yo‘qligi va «yong‘inni o‘chirish uchun yetarli kuch va vositalar mavjudligini» yozgan edi.

Gubernatorning ta’kidlashicha, dronlar havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan, biroq u ta’kidlaganidek, «Engelsdagi sanoat obektiga dron parchalari qulagan». Internetda yong‘in aks etgan surat va videolar paydo bo‘ldi.

Keyinchalik yorqin chaqnash aks etgan video e’lon qilindi, shundan so‘ng yong‘in yanada kuchaygan.

Rossiyaning Engelsida dronlar neft bazasiga hujum qildi

Saratov oblastining Engels shahrida 8 yanvarga o‘tar kechasi dron hujumidan keyin portlashlar sodir bo‘ldi. Gubernator Roman Busargin Saratov va Engels katta hujumga uchragani va urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlarning qoldiqlari «sanoat obekti»ga tushib, u «zarar» ko‘rganini aytdi, ammo hech kim jabrlanmagan.

Rossiya Telegram-kanallari xabariga ko‘ra, gap dron zarbasi natijasida kuchli yong‘in chiqqan neft bazasi haqida ketmoqda.

"VChK-OGPU" kanaliga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Engelsdagi neft bazasiga hujumda 30 dan ortiq dron ishtirok etgan.

Dekabr oyi o‘rtalarida Saratov gubernatori Busargin mintaqadagi harbiy aerodromga uchuvchisiz uchoq tomonidan hujum qilinganini bildirdi, lekin u qaysi aerodrom haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, Saratov yaqinidagi Engelsda Rossiya havo-kosmik kuchlarining «Engels-2» aviabazasi joylashgan bo‘lib, unda strategik bombardimonchilar mavjud. Ukraina qurolli kuchlari Engelsdagi samolyotlar Ukraina hududi uzra raketalarni uchirishini bir necha bor ta’kidlagan.

Mavzuga oid