Sport | 13:31
14297
3 daqiqa o‘qiladi

Gvardiola Husanov transferiga rozilik berdi

«Manchester Siti» «Lans» himoyachisi Abduqodir Husanov transferi bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin, deb yozadi Fabritsio Romano. 

Foto: Getty Images

«Shaharliklar» bosh murabbiyi Pep Gvardiola transferga rozilik bergan. U o‘zbekistonlik 20 yoshli futbolchini jamoasida ko‘rishni istamoqda. 

Muzokaralar yakuniy bosqichda. Husanov shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib bo‘lgan.

Insayder Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, «Manchester Siti» Husanovni sotib olish masalasida 2024 yilning dekabr oyida ish boshlagan. Manchester klubi vakillari Lansga borib, muzokaraga kirishgan.

«Pep Gvardiola Husanovni tezda sotib olishni so‘ragan. Transferda yashil chiroq yondi. Here we go, yaqin qoldi», deya yozadi Romano.

Husanov 2022 va 2023 yillarda, Belarusning «Energetik-BGU» klubi safida ekanidayoq CIES versiyasi bo‘yicha jahonning eng istiqbolli futbolchilari ro‘yxatiga kiritilgandi. Shundan keyin uni Fransiyaning o‘sha vaqtdagi vitse-chempioni 100 ming yevroga transfer qilgandi.

Birinchi mavsumni Husanov ko‘proq moslashish uchun sarfladi — Fransiya chempionatida 11, Chempionlar Ligasida 2 va Yevropa Ligasida 2 o‘yinda maydonga tushdi. Shu vaqtda u O‘zbekiston milliy jamoasiga ham jalb etildi va hozirgacha asosiy jamoada 18 uchrashuv o‘tkazdi.

Joriy mavsumda u yangi darajaga ko‘tarildi, Fransiya chempionatida oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi, «PSJ», «Manchester Siti», «Nyukasl», «Tottenhem», shuningdek «Atletiko» va «Real» kabi grand klublar nazariga tushdi.

Himoyachi bu mavsumda Liga 1da 13 ta o‘yinda maydonga tushdi va bitta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Uning klubi bilan shartnomasi 2027 yil yoziga qadar tuzilgandi. Transfermarkt portali futbolchining transfer qiymatini 12 million yevroga baholagan.

Avvalroq «Siti» himoyachi uchun bonuslar bilan birga 50 mln yevro to‘lashga tayyorligi xabar qilingandi.

Mavzuga oid