Daniya kontrrazvedkasi 2019 yilda Rossiya razvedka xizmatlari Grenlandiya taşqi işlar vaziri nomidan amerikalik senatorga yuborilgan Grenlandiyani sotib oliş taklifi yozilgan xatni qalbakilaştirişni taşkil qilganini tasdiqladi. Bu haqda 13 yanvar, duşanba kuni Daniya politsiyasi razvedka xizmati (PET)ga tayanib, Newsweek va Bild naşrlari xabar berdi.

«Xatni Rossiyaning nufuzli agentlari töqib tarqatgan bölişi mumkin. Ularning maqsadi Daniya, AQŞ va Grenlandiya örtasida çalkaşliklarni keltirib çiqariş va mojaro qözğatiş edi», — deya ma’lum qildi Daniya razvedkasi 2022 yilda ötkazilgan tergov natijalariga köra.

Uşbu maktub 2019 yil 23 oktyabrda yozilgan va Arkanzasdan respublikaçi senator Tom Kotton nomiga yöllangan va orol taşqi işlar vaziri Ane Lone Bagger tomonidan imzolangan. Unda Grenlandiya mustaqilligi böyiça referendum ötkaziş yuzasidan Vaşington bilan ehtimoliy kelişuv muhokama qilingan va AQŞdan moliyaviy yordam söralgan.

Daniyaning Politiken naşri 2019 yil noyabr oyida bu xat Rossiya tomonidan soxtalaştirilgan bölişi mumkinligi haqida yozgan edi. Öşanda Rossiya Taşqi işlar vazirligi bu ma’lumotni «asossiz» deb atagan.

Kottonning özi 2019 yil avgust oyida AQŞning Grenlandiyani qölga kiritişi masalasini öşa paytdagi prezident Donald Tramp bilan suhbatda kötarganini aytdi, deb yozadi Newsweek. Tramp birinçi marta öşa yili bu ğoyani ilgari surgan. Kopenhagen tomonidan rad etilganidan söng, Tramp Daniyaga taşrifini bekor qildi. 2024 yil dekabrida Oq uyning saylangan rahbari bu masalani yana kötardi va 2025 yil 7 yanvarda uning öğli kiçik Donald Tramp orolga kelganida, Grenlandiya Qöşma Ştatlarga «milliy xavfsizlik maqsadlari» uçun kerakligini ta’kidladi.