Jahon | 10:40 / 14.01.2025
29042
8 daqiqa o‘qiladi

Xavf juda yuqori darajada: Kaliforniya olovni o‘chirolmayapti

7 yanvardan beri AQShning Los-Anjyeles okrugi to‘rtta nuqtasida yong‘inlar kuzatilmoqda. Butun boshli mahallalar kuyib kulga aylangan. Hozirgacha 24 kishi ofat qurboniga aylandi, yana 16 kishi bedarak yo‘qolgan. Qutqaruv guruhlari vayronalarni tekshirmoqda. 105 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

AQShning Kaliforniya shtati Los-Anjyeles okrugida yirik yong‘inlar 7 yanvardan beri haliyam davom etmoqda. 12 yanvar yakshanba kuni o‘t o‘chiruvchilar yong‘inning bir qismini o‘chirishda muvaffaqiyatga erishdi, lekin 2 ta hududda o‘ta jiddiy holatda alanga kengayib bormoqda.

Los-Anjyelesning Paliseyds, Iton va Hyurst tumanlari hududi asosiy yong‘in maydoniga aylandi. Hyurstdagi alanga deyarli nazoratga olingan. Eng xavflisi Paliseyds tumanida va u yerda olov salkam 10 ming gektar maydonni qamrab olgan.

Kennet, Archer, Sanset, Lidya, Vudley, Olivas hududlaridagi yong‘inlar to‘liq o‘chirildi.

Nega Los-Anjyelesni yong‘in qamrab oldi?

BBC xabariga ko‘ra, aniq sabab hali ko‘rsatilmadi, bir qator versiyalar bor. Tergov ishlari davom etmoqda. Los-Anjyeles okrugi sherifi Robert Luna deydiki, barchasi ipidan ignasigacha tekshirilmoqda. O‘t qo‘yish yoki elektr simlaridan yong‘in kelib chiqish ehtimoli xususida rasmiy gap yo‘q.

2022-2023 yillardagi namlik Kaliforniyada o‘simlik va daraxtlar ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Oxirgi yildagi qurg‘oqchilik esa ularni quritib, yong‘inga o‘t bo‘lgulik qildi. Los-Anjyeles markaziy qismida oktyabr oyidan beri kam juda kam yomg‘ir yog‘gan hamda dengizdan kuchli shamol ham esmoqda. Bu ikki omil ham yong‘in foydasiga ishlamoqda.

Afsuski, mintaqada yaqin kunlarda yomg‘ir ham kutilmayapti. Sinoptiklar va ob-havo bo‘yicha mutaxassislar tahlilida kelishicha, hafta oxiri va dushanbagacha yong‘inlar kuchayishi kutilgan.

Amerika politsiyasi bir shaxsni yong‘in uyushtirganlikda gumonlab qo‘lga olgan. Los-Anjyeles okrugi prokurori Natan Hokmanning aytishicha, gumonlanuvchiga qotillik bilan teng keladigan jazo va umrbod qamoq tayinlanishi mumkin.

Yong‘in talafotlari qanday?

Bugungacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 24 nafarga yetgan. Los-Anjyeles okrugi rasmiylari yong‘inning kuchayishiga sabab bo‘layotgan shamol chorshanba kunigacha esib turishini ma’lum qildi. Xavf darajasi ham juda yuqoriligicha qolmoqda.

Bu galgi ofat shahar tarixidagi eng halokatlisi deya baholandi. Rasmiylar qurbonlar soni yanada oshishi mumkinligidan ogohlantirdi. Qutqaruv guruhlari, maxsus jamoalar yonib ketgan vayrona uylarni jiddiy tekshirmoqda. Eng katta yong‘in bo‘layotgan Paliseyds tumani 9300 gektar maydonning bor-yo‘g‘i 11 foiz qismidagi olov qiyinchilik bilan o‘chirildi. Ular qo‘lidan kelgancha harakat qilmoqda, deydi Los-Anjyeles yong‘in departamenti rahbari Kristin Krovley.

Kaliforniya universiteti talabalari uylariga javob berilgan, darslar masofadan turib olib borilmoqda. Mashhurlar istiqomat qiladigan Tinch okeani sohilidagi hududda ham evakuatsiya e’lon qilingan. Bu hududda vitse-prezident Kamala Harrisning ham qarorgohi joylashgandi. Shuningdek, aktyorlar Jon Gudman, Yudjin Levi va Billi Kristallarning uylari allaqachon yonib ketgan.

Yong‘in departamenti rahbari Kriston Krovleyga ko‘ra, shanba kuniga kelib alanga kuchaygan, ustiga ustak namlik ham pasaygan. 24 ta qurbonning 16 tasi Iton yong‘in zonasi, qolgan 8 tasi Paliseyds hududidan topilgan. Yana 16 kishi bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.

12 yanvar yakshanba kungi hisob-kitoblarga ko‘ra, Los-Anjyelesdan jami 105 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Yana 87 ming kishi jiddiy ogohlantirilgan.

Hozirgacha 12 000 dan ortiq inshoot – uy, qo‘shimcha bino, ko‘chma uy, bog‘ va avtomobillar vayron bo‘ldi. Shundan 7 000 tasi Itondagi yong‘in oqibatida zararlandi.

Paliseydsda esa yong‘in 5300 ga yaqin inshootni, jumladan, kamida 426 ta uyni vayron qildi. Yong‘in bahonasida talonchilik va o‘g‘rilik ham ko‘paygan. Shahar ma’murlari bunga javoban mahalliy vaqt bilan kechki 6 dan ertalabki 6 gacha komendantlik soatini joriy qildi.

Politsiya hozirgacha 29 kishini hibsga olgan – shulardan 25 tasi Iton yong‘in hududida va 4 tasi Paliseyds yong‘in zonasida qo‘lga olingan. Ular orasida o‘zini o‘t o‘chiruvchi sifatida ko‘rsatib, mulklarni o‘g‘irlashga kirayotganlar ham bor. Komendantlik soatini buzganlar ham hibsga olinyapti. Milliy gvardiyaning 400 ga yaqin a’zosi yordamga safarbar qilingan. Yong‘in xavfini kamaytirish uchun elektr energiyasi uzib qo‘yilmoqda. Yong‘in zonasidagi 35 mingga yaqin uy va korxonalar elektr ta’minotisiz qoldi.

Xalqaro ob-havo prognozlari bilan shug‘ullanuvchi AccuWeather’ga ko‘ra, bu AQSh tarixidagi eng talafotli yong‘inga aylanishi mumkin. Zarar hozircha 150 mlrd dollar deya hisoblangan.

Yong‘inga iqlim o‘zgarishining ta’siri bo‘lishi mumkinmi?

Garchi kuchli shamol va yomg‘ir kamligi yong‘inlarni keltirib chiqarayotgan bo‘lsa-da, ekspertlarning aytishicha, iqlim o‘zgarishi ham bunday yong‘inlar ehtimolini oshirmoqda.

AQShning g‘arbiy qismi shu jumladan Kaliforniya, ikki yil oldin tugagan o‘n yillik qurg‘oqchilikni boshdan kechirdi va bu mintaqa ekologiyasini zaiflashtirdi. Uzoq yillik quruqlik esa alangaga monand tabiatni hosil qildi.

“Iqlim o‘zgarishi, jumladan issiqlik oshishi, uzoq davom etgan qurg‘oqchilik va chanqoq atmosfera AQShning g‘arbiy qismida yong‘inlar xavfi va hajmini oshirishda asosiy omil bo‘ldi”, deydi okean va atmosfera milliy boshqarmasidagilar.

Uy-joyi yonib, mulkidan ayrilganlar nima qiladi?

Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar yong‘in ortidan kompensatsiyasiz qolayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Lekin bu hudud yong‘inga moyil zona hisoblanadi va yong‘inlar Los-Anjyeles uchun begona emasdi. Shundan kelib chiqib aksariyat odamlar mulkini sug‘urtalab qo‘ygan. Ammo ayrim sug‘urta kompaniyalari yong‘inlar xavfini oldindan baholab, bir muddat oldin sug‘urta polislari muddatini uzaytirmagan. Shu bilan birga, yonib ketgan uylarning qanchasi sug‘urtasiz bo‘lgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Kaliforniya shtati ma’muriyati yong‘indan zararlanganlar murojaat etishi uchun alohida sayt ochdi.

“Ushbu misli ko‘rilmagan yong‘inlardan jabr ko‘rgan minglab kaliforniyaliklar, shuni bilingki, ortingizda biz bormiz. Federal hukumat bilan mustahkam aloqalarimiz va prezidentning tezkor harakatlari tufayli kaliforniyaliklar uchun federal yordam so‘rab murojaat qilish imkoni yaratildi. Biz odamlarning tiklanishiga yordam berish uchun resurslarni taqdim qilamiz”, dedi shtat gubernatori Gavin Nyusom.

Keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari sababli prezident Bayden lavozimidagi so‘nggi rasmiy safarini bekor qilishga majbur bo‘ldi. U Italiyaga borishi kerak edi. Lekin Oq uy matbuot kotibi Karin Jan Perning ma’lum qilishicha, Bayden Los-Anjyelesdan qaytgach Italiyaga jo‘nashiga bir necha soat qolganida safarni bekor qilgan.

Shohrux Majidov tayyorladi.

Mavzuga oid