2024 yilning boshida hozirgi Anhor-Lokomotiv parki va Mavlonov nomidagi seysmologiya instituti hududining bir qismi olinib, “dom” qurilishi boshlangan. Bu esa aholining e’tirozlariga sabab bo‘lgan hamda ish sudgacha borgan.
Bir guruh fuqarolar sudga ariza kiritib, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasining “Park Retail” MChJga berilgan “Bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish uchun ruxsatnoma”sini va 2023 yil 17 avgustdagi “Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish haqida”gi xulosasini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. Ammo Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2024 yil 12 martdagi hal qiluv qaroriga asosan ariza talabini qanoatlantirish rad etilgan. Shundan so‘ng sudga apellyatsiya shikoyati kiritilgan hamda fuqarolar arizasi qisman qanoatlantirilgan. Ya’ni boshqarmaning xulosasi bekor qilingan.
Labzak mahallasining mazkur hududida yashovchi aholi Kun.uz’ga murojaat qildi. Ular hudud boshqa kompaniya tasarrufiga o‘tib, qurilish boshlanishi mumkinligidan xavotirda ekanligini aytishmoqda.
“Qurilish 2024 yilning yanvar oyidan boshlandi. Lekin aholi qurilishga qarshi. Bu yerda 22 qavatli uydan to‘rtta qurishmoqchi bo‘lishgan. Aholi “hudud yashil makon bo‘lib qolsin”, deb talab qo‘ygan edi. 2024 yilning oxirida Oraz degan yigit kelib, “Mana shunaqa vakolat berildi, aholining fikrini o‘rganishimiz kerak”, dedi. Men esa aholi tarafdaman, baribir odamlarga qarshi chiqolmayman, agar qurilish o‘zlarining roziligi bilan amalga oshsa, men aralashmayman”, dedim. Keyinchalik Telegram kanalida ular qanaqadir majlis o‘tkazishgani haqida xabar chiqdi. Fuqarolarga telefon qilib so‘rasam, hech kim qatnashmabdi”, deydi MFY raisi Qudratilla Mo‘minov.
Mahallada yashovchi fuqarolar bu yerda 3-4 ta uy qurilsa, turli muammolarga sabab bo‘lishini bildirmoqda.
“Men 16 yoshimdan beri shu yerda yashayman. Hozir o‘rab olingan hududda 40-50 yillik daraxtlar bor edi. Hammasi kesib tashlandi. Keyin sudga berdik. Mahkama davomida ham qurilish ishlari olib borildi. Ekologik normalarni buzdi. “Minor” masjidi yonida mehmonxona qurilgan. U cho‘kyapti, har kuni u yerdan suv chiqarishadi. Bu yerda hojatxona bor edi. Uni ta’mirlaymiz deb qurilish boshlab yubordi”, deydi Iroda Abdurahmonova.
Boshqa bir fuqaro Kun.uz muxbiri bilan suhbatda so‘rovnoma umuman begona odamlar bilan o‘tkazilganini ma’lum qildi:












