Isroil hukumati Ğazo sektorida öt oçişni töxtatiş va garovga olganlarni ozod qiliş böyiça Hamas guruhi bilan kelişuvni nihoyat tasdiqladi. Bu haqda 18 yanvar, şanbaga ötar keçasi boş vazir Binyamin Netanyahuning idorasi xabar berdi.
Boş vazir idorasi öt oçişni töxtatiş va garovga olinganlarni ozod qiliş 19 yanvar, yakşanba kuniyoq boşlanişini aytdi. Vazirlar mahkamasi yiğilişi sakkiz soat davom etdi.
Amerikaning Axios portaliga köra, Netanyahu koalitsion hukumatidagi 24 vazir kelişuv uçun ovoz bergan, sakkiz nafari qarşi çiqqan. AP agentligi ta’kidlaganidek, hukumat yiğilişi yahudiylarning şabat kuni işlamaslik an’analariga zid ravişda ötkazildi, bu faqat istisno hollarda böladi.
Garovga olinganlarni ozod qiliş evaziga sulh
Avvalroq Isroil harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi mamlakat hukumatiga Ğazo sektorida öt oçişni töxtatiş va garovga olinganlarni ozod qilişga qaratilgan Hamas bilan kelişuvni qabul qilişni tavsiya etgan edi. Şundan söng kelişuv vazirlar mahkamasiga körib çiqiş uçun taqdim etildi, deya ma’lum qildi 17 yanvar, juma kuni boş vazir Binyamin Netanyahuning idorasi.
15 yanvar kuni Isroil va Falastinning Hamas guruhi vakillari öt oçişni töxtatiş va garovga olinganlarni almaşiş böyiça kelişuvga erişgani ma’lum böldi. Kelişuv birinçi bosqiçda 42 kunlik otaşkesim va Ğazo sektorida garovga olinganlarning bir qismini ozod qilişni közda tutadi. Bunga javoban har bir Isroil fuqarosi uçun 30 falastinlik mahbus va har bir askar uçun 50 falastinlik ozod qilinişi kerak.
17 yanvar kuni Isroil ommaviy axborot vositalari kelişuvning birinçi bosqiçi doirasida Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarga almaştirilişi kutilayotgan 33 kişidan iborat röyxatni e’lon qildi. Isroil rasmiylarining fikriça, röyxatdagilarning aksariyati tirik, ammo garovga olinganlarning ahvoli haqida aniq ma’lumot yöq.









