Jahon | 20:24 / 21.01.2025
7861
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy moliya bozorlarida – navbatdagi inqiroz

2025 yil boshidan beri Xitoy moliya bozorlari jiddiy muammolarga duch kelmoqda, deb yozadi The Economist. Yilning birinchi savdo kuni 2016 yildan keyingi eng yomon ko‘rsatkichlar bilan yopildi: CSI 300 indeksi 2,9 foizga tushib ketdi. Yuan kursi esa 15 oylik minimumga – 1 dollar uchun 7,33 yuanga tushdi. Uzoq muddatli davlat obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik ham rekord darajada pasaydi.

Foto: Alamy

Bu beqarorlikning asosiy sababi – investorlarning Xitoy hukumati iqtisodiy siyosatiga bo‘lgan ishonchi kamayishidir.

Hukumat iqtisodiyotni rag‘batlantirish va ko‘chmas mulk bozorini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan bo‘lsa-da, bu choralar kutilgan natijalarni bermadi.

Masalan, tiklanish uchun ajratilgan mablag‘larning katta qismi mahalliy hukumatlarning qarzlarini to‘lash uchun sarflandi, bu esa iqtisodiy o‘sishga ta’sir ko‘rsatmadi. Bundan tashqari, uy-joy savdosi asosan yirik shaharlarda oshgan bo‘lsa-da, kichik shaharlarda narxlar pasayishda davom etmoqda.

Xalqaro bosim ham vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. AQSh tomonidan Xitoy eksportiga yangi tariflar joriy etilishi mumkinligi va Tencent kompaniyasining Xitoy harbiylari bilan bog‘liq ro‘yxatga kiritilishi sarmoyachilarning xavotirini kuchaytirmoqda.

Ayni paytda, Xitoy regulyatorlari bozorni barqarorlashtirishga harakat qilmoqda. Markaziy bank 800 milliard yuan ajratgan va davlat korxonalari aksiyalarni sotib olish orqali narxlar tushishining oldini olishga urinmoqda. Biroq, bu choralar vaqtinchalik yordam berib, chuqur tarkibiy muammolarni hal etmaydi.

Tahlilchilar fikricha, Xitoy iqtisodiyotiga ishonchni tiklash uchun keskin choralar va uzoq muddatli islohotlar talab etiladi. Aks holda, mamlakat “Yo‘qolgan o‘n yillik” nomini olgan Yaponiyaning stagnatsiya davriga o‘xshash vaziyatga tushib qolishi mumkin.

Mavzuga oid