Jahon | 08:44 / 28.01.2025
16289
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Mudofaa vazirligi rahbari Umerovga nisbatan ish ochildi

Rustem Umerov mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumon qilinmoqda, deya xabar beradi Ukrainaning Korrupsiyaga qarshi kurash markazi.

Foto: TASS/JESSICA GOW

Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi (NABU) Mudofaa vaziri Rustem Umerov sodir etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyat bo‘yicha Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurash markazi (TsPK) bayonoti asosida ish yurituvini ro‘yxatga oldi. Bu haqda 27 yanvar, dushanba kuni TsPK Telegram-kanalida xabar berildi.

Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Ushbu modda uch yildan olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

TsPK ma’lumotlariga ko‘ra, 24 yanvar kuni Umerov Mudofaa xaridlari agentligi (AOZ) Kuzatuv kengashining AOZ direktori Marina Bezrukova bilan shartnomani bir yilga uzaytirish haqidagi qarorini bajarishdan bosh tortgan. Vazir, shuningdek, bu qaror uchun ovoz bergan Kuzatuv kengashining ikki a’zosi – Taras Chmut va Yuriy Jigirni ham ishdan bo‘shatdi, deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurash markazi bayonotida.

Shuningdek, mudofaa ta’minot agentliklarida kuzatuv kengashlarining tashkil etilishi NATOning ushbu tuzilmalarni tashqi bosimdan himoya qilish bo‘yicha asosiy tavsiyasi bo‘lganligi ta’kidlandi.

Umerov Bezrukovani harbiy xaridlar va armiya ta’minotidagi muammolarda aybladi.

Oliy rada Umerovning hisobot berish uchun chaqirilishini qo‘llab-quvvatladi

2024 yil 3 dekabrda Oliy rada Umerovning Ukraina harbiylari «Ukroboronprom» tomonidan ishlab chiqarilgan past sifatli minalarni olganligi haqidagi ayblov bilan bog‘liq holda chaqirilishini qo‘llab-quvvatladi.

Yanvar oyi boshida Kiyevning 2025 yilga mo‘ljallangan harbiy maqsadlarini sanab o‘tar ekan, Umerov Ukrainaning harbiy strategiyasi to‘rtta asosiy ustuvor yo‘nalishga asoslanganini aytdi: front chizig‘ini barqarorlashtirish, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, osmon va dengiz yo‘llarini himoya qilishni kuchaytirish hamda «assimetrik javob». 

Mavzuga oid