29 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Turkiyadan olinadigan harbiy dronlar, prokuratura nazoratiga o‘tgan yashil energiya, narxlarni asossiz oshirgan 1300 ta dorixona va Farg‘ona viloyatidagi yangi oliygohlar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘zbekiston Turkiyadan yangi harbiy dronlar sotib oladi
O‘zbekiston Turkiyaning ANKA SIHA harbiy uchuvchisiz qurilmalarini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolagani aytilmoqda. Turkiyaning TUSAŞ shirkati tez orada ushbu dronlarni yetkazib berishni boshlaydi.
ANKA droni 30 soatgacha havoda qolish va 350 kg yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, uning eksport narxi 25 mln dollardan oshadi. Ushbu qurilmalardan ayni paytda Jazoir, Qozog‘iston, Tunis va Indoneziya armiyalari ham foydalanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilda BAYRAKTAR TB2 droni parvozini kuzatgan va 2024 yil iyun oyida Turkiyaning KAAN qiruvchi harbiy uchog‘i taqdimotida ishtirok etgan. Turkiya bilan harbiy-texnik hamkorlik haqida muzokaralar davom etmoqda.
IIV ro‘yxatidan joy olgan 800 ming fuqaro
Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarlik sodir etishi yoki o‘zgalarga jabr yetkazishi ehtimoli bo‘lgan 800 mingdan ortiq shaxs ro‘yxatini tuzdi. IIV fuqarolar qaysi mezonlar asosida bu ro‘yxatga kiritilganini aniq ochiqlamagan.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti matbuot kotibi Muzifa Sultonova bergan ma’lumotga ko‘ra, bunday fuqarolarning 588 ming nafariga huquqiy xulosa berilib, 400 ming nafarining muammolari hal qilingan. Bu ishlar profilaktika inspektorlari va mahalla yettiligi tomonidan amalga oshirilgan.
2025 yilda Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 419 ta kriminogen mahalla uchun 84 ta huquq-tartibot maskani ochiladi. Keyinchalik bu tajriba respublikaning boshqa hududlariga ham joriy etiladi.
Yashil energiya ishlab chiqarish prokuratura nazoratida
O‘zbekistonda 2025 yilda aholi, kichik biznes va ijtimoiy soha obektlari iste’mol qiladigan elektr energiyasining 40 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga qoplanishi rejalashtirilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov ma’lumotiga ko‘ra, bu maqsadda quyosh batareyalari va suv isitkichlari o‘rnatiladi. Ushbu chora ishlab chiqarish tannarxini pasaytirishga ham xizmat qiladi.
Prezident topshiriqlari ustidan qat’iy prokuror nazorati o‘rnatiladi. 2024 yilda Toshkentda elektr energiyasidan noratsional foydalanishga qarshi reydlar o‘tkazilgan edi. Prokuratura tomonidan tadbirkorlarga jarima va elektr tarmog‘idan uzilish haqida ogohlantirishlar berilgan.
Shuningdek, «Hududgazta’minot»dagi korrupsiyaga qarshi kurash choralari ham ishlab chiqilmoqda. Bosh prokuratura bu sohani shaffoflashtirish uchun takliflar tayyorlaydi.
1300 dorixonada narxlar asossiz oshirilgan
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi 1300 ga yaqin dorixonada dori narxlari asossiz oshirilganini aniqladi. Ushbu holatlar FAIR TECH yagona axborot tizimi orqali o‘tkazilgan monitoring davomida fosh qilingan.
Eng ko‘p qoidabuzarliklar Toshkent shahri (228 ta), Samarqand (182 ta) va Toshkent viloyati (134 ta) dorixonalarida kuzatilgan. Boshqa viloyatlarda ham ulgurji va chakana savdoda referent narxlar sun’iy oshirilgan.
Tekshiruvlar davomida 270 ming holatda umumiy 11,6 mlrd so‘m noqonuniy daromad topilgan. Hokimiyat tegishli choralar ko‘rib, ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarishni boshladi.
Rishton kulolchilik muzeyi tashkil etiladi
Farg‘ona viloyatining Rishton shahrida an’anaviy kulolchilik tarixi muzeyi tashkil etilishi haqida hukumat qarori qabul qilindi.
Yangi muzeyning vazifalari qatoriga kulolchilik buyumlarini to‘plash, saqlash, yoshlarga hunar o‘rgatish, madaniy merosni yoritish va chet el muzeylari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlar kiritildi.
Shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ekspozitsiyalarni tashkil etish rejalashtirilgan.
2025 yil 1 aprelgacha muzey uchun ajratilgan bino to‘liq moslashtiriladi va faoliyat boshlaydi.
Farg‘onada yangi oliygohlar
Farg‘ona viloyatiga oid yana bir muhim xabar: viloyatda uchta yangi universitet tashkil etiladi
Prezident qaroriga ko‘ra O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish doirasida Farg‘ona viloyatida uchta yangi universitet qayta tashkil etiladigan bo‘ldi.
Jumladan, Farg‘ona politexnika instituti va TATU Farg‘ona filiali negizida — Farg‘ona davlat texnika universiteti;
Qo‘qon davlat pedagogika instituti, TDTU Qo‘qon filiali va San’at va madaniyat instituti Farg‘ona filiali negizida — Qo‘qon davlat universiteti;
Jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filiali esa Farg‘ona davlat universitetiga qo‘shib yuboriladi.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab mazkur yangi oliygohlarda darslar xalqaro 300 talik reytingga kirgan OTM dasturlari asosida tashkil etiladi.
Iqtidorli talabalar uchun xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar ochiladi.
Farg‘ona davlat texnika universiteti huzurida ilg‘or muhandislik maktabi va «spin-off» korxonalari ishga tushiriladi.
Mavzuga oid
19:29 / 07.02.2025
7 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:33 / 06.02.2025
6 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:45 / 05.02.2025
5 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:12 / 04.02.2025