Keyingi o‘n yilliklarda g‘arbiy Yevropada hamda AQShda populistlarning ta’siri muttasil oshib bormoqda. Ular asosiy siyosiy kuchga aylanib borishi esa dunyodagi barqarorlikka ham jiddiy ta’sir qiladi. Xo‘p, o‘zi populistlar kimlar? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu haqda so‘z yuritdi.
«Populist» – asli lotin tilidan olingan so‘z bo‘lib «xalqparvar» degan ijobiy ma’noni beradi. Lekin bugungi siyosiy kontekstda bu atama asosan salbiy ma’noda, ma’lum yo‘nalishdagi shaxslarga va siyosiy kuchlarga nisbatan ishlatiladi.
Populistlarning bir qancha muhim belgilari, o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Ularga xos ikkita dixotomiya bor. Dixotomiya – bir-biriga bog‘liq bo‘lgan qarama-qarshilikdir. Misol uchun, «oq-qora», «yaxshi-yomon». Demak, populistlarga xos bo‘lgan birinchi dixotomiya – «xalq va hokimiyat».
Populistlar har doim amaldagi hukumatlarni, an’anaviy siyosiy partiyalarni ayovsiz va ko‘pincha, asossiz ham tanqid qiladi, «hokimiyatning, elitaning, hukmron partiyalarning oyog‘i yerdan uzildi» deydi, jamiyatdagi muammolarni faqat o‘sha hukumatlar «mutlaq ishlamayotgani», «quturib ketgani» bilan izohlaydi. Bu bilan populistlar xalqning nisbatan soddaligidan foydalanib, siyosiy vaziyatlarni soddalashtirish bilan manipulyatsiya qilishadi.
Populistlarga xos ikkinchi dixotomiya – «biz va ular», «biznikilar va boshqalar», «o‘zimiznikilar va begonalar» hisoblanadi. Populistlar uchun «dushman qiyofasi», «dushman obrazi» muhim rol o‘ynaydi. Ular oddiy odamlarning muammolarini, qiyinchiliklarini va kechinmalarini dushman qiyofasi bilan bog‘lashadi. Dushman esa siyosiy elitadan tashqari, migrantlar va emigrantlar, musulmonlar yoki boshqa din hamda millat vakillari, xalqaro tashkilotlar bo‘lishi mumkin.
Misol uchun, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi aksariyat populistlar uchun eng asosiy «dushmanlar» – mehnat muhojirlari, jumladan, musulmonlar, Yevropa Ittifoqi va uning tashkilotlari. Ya’ni populistlar o‘zlari yashab turgan jamiyatlarni ikkiga bo‘lishadi: tarixan shakllangan o‘z xalqimiz va keyinchalik kirib olgan, ko‘payib borayotgan boshqalar... Shuning uchun ham, populistlar uchun fuqarolik – asosiy tan olinadigan institut emas. Misol uchun, Fransiyadagi Marin Le Pen boshqaradigan «Milliy birlashuv» partiyasi islomofob hisoblanib, ushbu davlatdagi ko‘plab arablarni, musulmonlarni «ikkinchi tabaqadagi» fuqarolar deb hisoblashadi.
Xo‘sh, o‘ng va so‘l populistlarning farqi nimada? Ha, populistlar «o‘ng» va «so‘l»ga ajraladi. Avvalo, o‘ng va so‘llarni farqlab olsak. Agar siyosiy kuchlar asosiy e’tiborni «o‘zlik»ka qaratsa, odamlarni ajratsa va ajratish asosida o‘zlik tursa – o‘ng populist hisoblanadi. Misol uchun, Tramp – o‘ng populist, u uchun oq tanli amerkialiklar, anglasakslar – eng muhim aholi qatlami. Yoki, Marin Le Pen uchun – oq tanli, an’anaviy va tarixan shakllangan etnik fransuzlar – birinchi o‘rinda turadi. Xuddi shunday, Netanyahu va uning kabineti ham o‘ng millatchilardan iborat.
















