1970-yillar boshlarida Rossiyadagi shaharlarning birida qora tanli bola tug‘iladi. Ayol Afrikaga bormagan, hatto umrida qora tanli odamlar bilan muloqot qilmagandi. Biroq er unga ishonmaydi. Bu orada avval ayolning joniga qasd qilinadi, biroq u tirik qoladi. So‘ng ayolga doyalik qilgan vrach va akusher o‘ldirib ketiladi.

1970-yillar boshlarida Rossiyaning Kaluga shahrida sodir bo‘lgan jinoyat ittifoq davrida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. O‘shanda o‘zining haydovchisini sevib qolgan ayol qotil yollab ikki kishining umriga zomin bo‘ladi.

Barchasi 1971 yilda Kaluga shahrida joylashgan tug‘uruqxonadagi g‘alati ishdan boshlanadi. Shu shaharda yashovchi Marinaning oy-kuni yaqinlashadi va tug‘uruqxonaga yotqiziladi. Bir necha kundan so‘ng uning ko‘zi yoriydi.

Ayol tug‘uruq paytida hushidan ketadi va bolasini ko‘ra olmaydi. Marina hushiga kelganda vrach va akusher ayol uning qo‘liga qora tanli chaqaloqni tutqazadi.

Xotini qora tanli chaqaloq tug‘ganini eshitgan Igor ham hayron qoladi va Marinadan shubhalanadi. Biroq ayol Afrikaga bormagan, hatto umrida qora tanli odamga duch kelmagan edi. Ammo Igor xotinidan shubhalanishda davom etadi.

Bu ishdan eng ko‘p ajablangan odam Marinaning o‘zi edi. Chunki u eriga xiyonat qilmagan, shu sababli bolasi nega qora tanli bo‘lib tug‘ilganiga aqli bovar qilmasdi.

Tug‘uruqxonadagi vrach unga qandaydir gen haqida gapiradi. Unga ko‘ra agar Marina yoki erining ajdodlari orasida qora tanlilar o‘tgan bo‘lsa, gen tufayli ularning bolasi ham qora tanli bo‘lib tug‘ilishi mumkin.

Ayol vrachning gapiga ishonadi. Boshqa tarafdan esa sap-sariq tusda bo‘lgan Igor va Marina o‘z ajdodlari orasida qora tanlilar bo‘lganiga aqli bovar qilmaydi.

Foto: dzen.ru

Marinaga hujum

Kunlar shu taxlit shubhalar ostida o‘tar ekan, Igor bunga chiday olmaydi va arazlab ota-onasining oldiga ketib qoladi. Er va xotin alohida yashay boshlashadi.

Marina Kaluga ko‘chalarida bolasini aravachaga solib sayr qilib yurar ekan, boshqa ayollar unga g‘alati qarashardi. Chunki o‘sha paytda sovet jamiyatida bu ish noyob hisoblanardi.