«Arsenal» «Siti»ni yakson etdi, «Barsa» «Real»ga yaqinlashmoqda. Kun o‘yinlari
Arteta shogirdlari chempionlik poygasida, «MYu» ilojsiz ahvolda, «Roma» va Shomurodov «Napoli»ni to‘xtatdi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: Martinesning ko‘z yoshlari va Gvardiolaning faoliyatidagi eng yirik mag‘lubiyat
«Manchester Yunayted» — «Kristal Pelas» 0:2
Gollar: Mateta (64, 89).
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines (de Ligt, 82), Maguayr, Yoro, Dalot, Fernandesh, Ugarte (Eriksen, 87), Mazraviy (Zirkze, 70), Garnacho, Maynu (Hoylund, 70), Diallo.
«Kristal Pelas» – Henderson, Gehi, Lakrua, Richards, Kamada (Eze, 61), Sarr (Devenni, 90+7), Mitchell (Klayn, 88), Lerma, Hyuz (Uorton, 88), Munyos, Mateta.
Ogohlantirishlar: Maguayr (49), Fernandesh (64), Hyuz (72), Ugarte (74).
Ruben Amorim bir necha marta «MYu» «Old Trafford»dagi o‘yin kunlari ruhiy muammolarga duch kelayotgani haqida gapirgandi. APL doirasida «Brayton»ga qarshi kechgan oldingi uy uchrashuvidan keyin portugaliyalik mutaxassis hissiyotga berilib, «qizil iblislar»ning hozirgi versiyasi — tarixdagi eng yomoni ekanini aytdi. Shundan keyin mankunianliklar Yevropa Ligasida «Reyndjers» (2:1) va FKSB klublarini (2:0) mag‘lub etdi, APLda esa «Fulhem»ga qarshi safar o‘yinida ustun keldi (1:0). Jamoada bu mavsumda qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba hali kuzatilmagandi. Va yakshanba kungi o‘yinda bu seriya ham to‘xtadi.
«Kristal Pelas» bilan qarama-qarshilikda birinchi bo‘limdayoq muammolar yuzaga keldi, faqat Onana mezbonlarni qutqarib qoldi. O‘yinning ikkinchi bo‘limida esa «Yunayted» sobiq darvozaboni Henderson devoridan o‘ta olmadi. U bir necha daqiqa ichida Brunu Fernandesh va Ugartening xavfli zarbalarini qaytardi. Mateta esa standart vaziyatda o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi va to‘sindan qaytgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi. Ushbu forvard o‘yin oxiridagi qarshi hujumda Munyosning pasidan keyin ikkinchi golni ham urdi.
Mezbonlar uchun o‘yinda yana bir yoqimsizlik ro‘y berdi — 76-daqiqada Lisandro Martines navbatdagi marta jarohat oldi. Argentinalik himoyachi bu mavsumda salomatligidagi muammolarni hal qilib, yaxshi formaga kirgan va jamoa yetakchilaridan biriga aylangandek ko‘ringandi. Ammo katta ehtimol bilan uning uchun mavsum yakunlandi. Shifokorlar maydonda olti daqiqa davomida yordam ko‘rsatishdi, keyin esa u maydonni ko‘z yosh to‘kkancha zambilda tark etdi.
Mavsumdagi dastlabki 13 uy uchrashuvida yetti mag‘lubiyat — «MYu»ning 1893/94 yillar mavsumidan buyon eng yomon natijasi. Ya’ni bunaqasi 131 yildan buyon bo‘lmagandi.
«Arsenal» — «Manchester Siti» 5:1
Gollar: Edegor (2), Parti (56), Lyuis-Skelli (62), Haverts (76), Nvaneri (90+3) — Holand (55).
«Arsenal» – Rayya, Gabriel, Saliba, Lyuis-Skelli (Kalafiori, 90), Timber, Rays, Parti, Edegor (Merino, 84), Trossar (Nvaneri, 84), Haverts (Sterling, 90), Martinelli.
«Manchester Siti» – Ortega, Gvardiol, Stounz, Akanji, Mateush Nunesh, Kovachich, Bernardu Silva, Savio, Marmush (de Bryuyne, 72), Foden (Makati, 72), Holand.
Ogohlantirishlar: Timber (25), Edegor (71).
Turning markaziy bahsi oldidan Arteta Rayyada jarohat borligi, uning maydonga tushishi so‘roq ostida ekanini aytgandi. Amalda esa bu uning navbatdagi hiylasi bo‘lib chiqdi, darvozabon maydonga tushdi. «Siti» kiperi Ederson esa bu safar jarohat tufayli o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmadi – uning o‘rnini Ortega egalladi. Maydon markazida yana de Bryuyne emas, Marmush egalladi.
«Arsenal» raqib mudofaasini ikkinchi daqiqadayoq buzib o‘tdi, «shaharliklar»ning tajribali himoyachisi Manuel Akanji qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi — u jarima maydoni yaqinida Stounzning noqulay pasini yaxshi qabul qila olmadi va uni raqiblarga oldirib qo‘ydi. Yakunda Martin Edegor Kay Haversning uzatmasidan keyin amalda bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Barcha «Chelsi»ga qarshi o‘yin startini yodga oldi, bu safar zaxirada qoldirilgan Abduqodir Husanov o‘rnida harakatlangan tajribali himoyachilar ham xatoga yo‘l qo‘yishdi.
Beshinchi daqiqada londonliklar hisobdagi farqni oshirishi mumkin edi, ammo Martinellining goli ofsayd tufayli bekor qilindi.
Tezkor gol «Arsenal»ga himoyaga qaytish va qarshi hujumlarda omadini sinashga imkon berdi. Qolaversa, «Siti» pozitsion hujumlarda hech narsa qila olmadi — Gvardiola jamoasi birinchi bo‘limdagi yagona xavfli vaziyatini standartdan yuzaga keltirdi. 23-daqiqada Marmush burchakdan to‘pni Yoshko Gvardiolning boshiga yetkazib berdi — ammo xorvatiyalik himoyachining kuchli zarbasini David Rayya qaytarib qoldi.
«Arsenal» pozitsion hujumlar uyushtirishga katta e’tibor qaratmadi — birinchi bo‘lim davomida o‘yinning faqat 39 foiz qismida to‘pga egalik qildi. «Kanonirlar» eng xavfli vaziyatlariga yoki qarshi hujumlarda, yoki raqibni jarima maydoni atrofida pressing qilish evaziga yaratdi — 27-daqiqada «Siti» mezbonlarga yana bir bor golli vaziyat sovg‘a qildi. O‘yinni boshlashda ishtirok etgan darvozabon Shtefan Ortega to‘pni noqulay vaziyatdagi Mateo Kovachichga uzatdi, undan esa Deklan Rays to‘pni olib qo‘ydi. To‘p Haversga yetib bordi, ammo Kay o‘z uslubida ajoyib vaziyatni yo‘qqa chiqardi — deyarli himoyasiz darvoza tomon zarba berdi, ammo to‘p qiyshiq ketdi.
Tanaffusdan keyin «shaharliklar» raqibni izdan chiqarish harakatlarini davom ettirdi: ikkinchi bo‘limning dastlabki 10 daqiqaligida to‘pga egalik qilish bo‘yicha 58 foizlik ko‘rsatkich qayd etildi va shu davr oralig‘ida hisob tenglashtirildi. 55-daqiqada «Siti»ning ko‘p sonli kombinatsiyalari nihoyat ish berdi: Savio o‘ng qanotda to‘pni qabul qilib olib, olis ustun tomon pas berdi. Erlin Holand to‘p uchun kurashda Salibadan ustun keldi va bosh bilan aniq zarba yo‘lladi.
Mehmon jamoa futbolchilari javob golini haddan tashqari hissiyotga berilib nishonlashdi va hushyorlikni ham yo‘qotib, ikki daqiqa ichida gol o‘tkazib yuborishdi — jamoa yana o‘z jarima maydoni atrofida xato qildi. Bu safar Fil Foden qanotdan markaz tomon yo‘llagan pasni Tomas Parti egallab oldi va vaqt yo‘qotmasdan zarba yo‘lladi — to‘p Stounz orqali rikoshet borib, darvoza burchagiga yo‘l oldi.
Olti daqiqa o‘tib esa 18 yoshli Maylz Lyuis-Skelli intrigani o‘ldirdi. Yosh himoyachi «Arsenal» hujumlaridan birida chap qanotdan jarima maydoniga kirib borib, to‘pni qabul qildi va dribling bilan bir necha raqibdan o‘tib, to‘pni olis burchakka joyladi. U APLdagi birinchi golini Holandni masxara qilgan holda nishonladi, bunga norvegiyalik hujumchi jamoalarning birinchi davradagi o‘yini vaqtida unga mensimay munosabatda bo‘lgani sabab edi.
Hisob 1:3 holatida «Siti» katta kuch bilan oldinga tashlandi va shu tufayli qarshi hujumlarni o‘tkazib yubordi. Rayya darvozasi atrofida esa xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi — o‘yinchi almashtirishlar ham yordam bermadi: 72-daqiqada Kevin de Bryuyne va Jyeyms Makeyti maydonga tushgandi. Belgiyalik sardor ham jamoasi o‘yinini jonlantira olmadi — Holandning zarbasi «shaharliklar»ning ikkinchi bo‘limdagi yagona zarbasi bo‘lib qoldi.
«Arsenal»da qarshi hujumlarda Martinelli va Havers vaziyatlar yaradi. Bu hujumlardan birida braziliyalikning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasini Ortega qiyinchilik bilan qaytardi. 76-daqiqada esa Gabriel jarima maydoniga kirib borib, o‘zidan qulayroq vaziyatda turgan Kayni to‘p bilan ta’minladi — nemis futbolchi bu safar zarba berishda adashmadi. «Siti»ni zaxiradan tushgan 17 yoshli Itan Nvaneri uzil-kesil taslim qildi — 90+3-daqiqada u uzoq masofadan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Gvardiola murabbiylik faoliyatidagi eng yirik mag‘lubiyatni qabul qilib oldi — 1:5.
Bu yirik g‘alaba evaziga Arteta «Liverpul» bilan farqni olti ochkoga qisqartirdi, «Siti» to‘rtinchi o‘rinda qoldi («Nyukasl» bilan bir xilda 41 ochkodan to‘plangan) va dushanba kungi o‘yin natijasiga ko‘ra «Chelsi»ni oldinga o‘tkazib yuborishi mumkin.
Ispaniya: Levandovskining 30 goli
«Barselona» — «Alaves» 1:0
Gol: Levandovski (61).
«Barselona» – Shesni, Balde (Martin, 83), Kubarsi, Arauxo (Erik Garsiya, 46), Kunde, Pedri, Kasado (de Yong, 46), Gavi (Lopes, 14), Rafinya (Ferran Torres, 67), Levandovski (Pau Viktor, 90+1), Yamal.
«Alaves» – Ovono, Sanches, Diarra, Mourinio, Tenalya, Gevara (Vilyalibre, 90+1), Antonio Blanko, Konechni (Martin, 14), Guridi (Toni Martines, 76), Visente (Novoa, 76), Kike Garsiya.
Ogohlantirishlar: Gavi (7), Arauxo (34), Tenalya (55), Benavides (65), Rafinya (67), Yamal (89), Lopes (89).
«Barselona» yana bir marta 90 daqiqa davomida quyi blokda himoyalanish uchun maydonga tushgan raqibga qarshi muammolarga uchradi. Ammo kataloniyaliklardagi daraja «Alaves» mudofaasini buzish uchun yetarli bo‘ldi. Pedri chap qanotdan Yamal yo‘nalishida ajoyib diagonal pas uzatdi va uning to‘pni to‘xtatmay yo‘llagan zarbasi Levandovskining goli bilan yakunlandi. Polshalik hujumchi mavsumdagi gollari sonini o‘ttiztaga yetkazdi, uning ko‘k-anorranglilar formasidagi jami gollari 88 tani tashkil etmoqda. U allaqachon «Barselona» tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida Ronald Kuman bilan 27-o‘rinni bo‘lishib turibdi. Unda Bernd Shuster (89), Texada (91) va Ronaldino (93)dan ham o‘zib ketish uchun imkoniyat yetarli.
Bu o‘yin uchun mezbonlar safidagi yana bir necha futbolchini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Xususan, Yamal Messi davrlarini yodga solib yubordi. La Liganing bir o‘yinida aldab o‘tishga 21 urinish (11 tasi muvaffaqiyatli) — argentinalik afsona davridan buyon eng yaxshi ko‘rsatkich. Gavi ham o‘yinda eng faol harakat qilgan futbolchilardan biri bo‘ldi, uning jarohati muxlislarda vahima uyg‘otdi. Ammo keyin Hansi Flik barchani tinchlantirdi: havbek o‘yinni davom ettirishga tayyor bo‘lgan, ammo shifokorlar tavakkal qilishni istamagan. Keyinroq chindan ham Gavi bilan jiddiy narsa bo‘lmagani ma’lum qilindi. Asosiysi esa — «Barsa» shu turda autsayderga yutqazgan «Real»ga yaqinlashib oldi. Birinchi o‘ringacha — to‘rt ochko, keyingi turda Madriddagi ikki raqobatchidan kamida bittasi poytaxt derbisida ochko yo‘qotishi tayin.
Italiya: Kolo Muani — «Yuventus» uchun topilma
«Yuventus» — «Empoli» 4:1
Gollar: Kolo-Muani (61, 64), Vlahovich (90), Konseysau (90+3) — De Shilio (4).
«Yuventus» – Di Gregorio, Savona, Veyga, Gatti, Vea, Kopmeyners, Lokatelli, Yildiz (Vlahovich, 65), Makkenni (Tyuram, 85), Gonsales (Konseysau, 86), Kolo-Muani.
«Empoli» – Vaskes, Mariyanuchchi (Tosto, 90+1), Ismayli (Goglichidze, 59), De Shilio, Male, Espozito (Konate, 90+2), Kakache, Anjorin (Jurkovski, 49), Henderson (Bachchi, 90+2), Gyasi, Kolombo.
Ogohlantirishlar: Gyasi (37), Male (41).
Chetlatish: Male (84).
«Yuventus» sobiq himoyachisi, bu mavsum «Empoli»da ijara asosida o‘ynayotgan De Shiliodan tezkor gol o‘tkazib yuborib, muxlislarini karaxt holatga tushirdi. Biroz o‘tib turinliklarni penaltidan VAR qutqarib qoldi, bu vaziyatda raqib futbolchisi hujum boshida to‘pni qo‘l bilan o‘ynagani oydinlashdi. Birinchi bo‘limda Tiagu Motta shogirdlari yaratgan xavfli vaziyat — Niko Gonsalesning chalqancha uslubda yo‘llagan zarbasi bo‘ldi, ammo darvozabon to‘sin ostiga kirib ketayotgan to‘pni qaytardi.
Ikkinchi bo‘limda «Keksa siniora» chinakamiga uyg‘ondi, Kolo Muani esa «Yuventus»ga nega kelganini isbotladi. Qishki transferlar doirasida «PSJ»dan ijaraga olingan forvard «Napoli»ga qarshi kechgan ilk o‘yinida ham gol urgandi, bu safar esa uch daqiqa ichida dublni rasmiylashtirdi. Birinchi holatda fransuz hujumchisi himoyachini o‘yindan chiqarib, yaqin burchakka kuchli zarba yo‘lladi. Ikkinchisida — uzoq davom etgan hujumni Veaning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasiga hokkeycha uslubda oyoq qo‘yib darvozabonni ilojsiz ahvolda qoldirdi. Shu tariqa, u Karlos Tevesdan keyin (2013 yil) «Yuve»ning debyutdagi ikki golida ham gol urgan ilk futbolchisiga aylandi.
O‘yin oxirida esa uzoq masofadan zarba yo‘llagan Vlahovich hamda Tyuramning uzun pasidan keyin yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Fransishku Konseysau «Empoli»ni uzil-kesil taslim etdi. Byankonerilar to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. Lekin «Latsio» dushanba kuni «Kalyari» bilan o‘yinda g‘alaba qozonib, YeChLga yo‘llanma beruvchi oxirgi o‘rinni o‘ziniki qilib olishi mumkin.
«Milan» — «Inter» 1:1
Gollar: Reynders (45) — de Vrey (90+3).
«Milan» – Menyan, Teo, Pavlovich, Tomori, Uoker, Reynders, Binnosir (Ximenes, 46), Musa (Terrachchano, 78), Leau (Gabbiya, 85), Pulishich (Chukvueze, 86), Abraham (Kamarda, 78).
«Inter» – Zommer, Bastoni (Karlos Augusto, 63), de Vrey, Pavar (Bissek, 63), Dimarko (Zalevski, 76), Mxitaryan (Frattezi, 76), Chalxono‘g‘li (Zelinski, 63), Barella, Dumfris, Martines, Tyuram.
Ogohlantirishlar: Bastoni (53), Dumfris (61).
Joriy mavsumdagi natijalardan kelib chiqib qaralsa, Milan derbisida favorit ayon edi. Ammo «Milan» chempionatning birinchi davrasidagi o‘yinda ham, Italiya Superkubogi finalida ham g‘alaba qozongandi.
Neradzurrilarning jarohat tufayli bu o‘yinlarda qatnasha olmagan yetakchisi Hoqon Chalxono‘g‘li uchinchi derbida maydonga tushdi. Rossonerilar safiga «Feyyenoord»dan meksikalik to‘purar Santyago Ximenes kelib qo‘shilgan. U «Galatasaroy»ga yo‘l olgan Morata o‘rniga chaqirilgan, nominal mezbonlar o‘ng qanotida esa Uoker debyut qildi.
U qadar tomoshabop bo‘lmagan o‘yinda vaqt o‘tib «Inter» tashabbusni qo‘lga ola boshladi. Neradzurrilar raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol etishdi, ikki safar ham ofsayd qayd etildi. Tanaffus arafasida esa Reynders katta sahnaga chiqdi. «Milan» yarimhimoyachisi avvaliga uzoqdan zarba berib, Zommerni yaqin to‘qqizlikka ketayotgan to‘pga otilishga majbur qildi. Chalxono‘g‘li maydon markazida pressing tufayli to‘pni yo‘qotganida esa qizil-oqlar Ernandes va Rafael Leau ishtirokida qarshi hujum uyushtirdi, darvozabon esa zarbadan keyin to‘pni Reyndersning oyog‘iga tashlab berdi.
Ikkinchi bo‘lim davomida hujum vaqtidagi fol tufayli «Inter»ning uchinchi goli ham bekor qilindi, yana uch epizodda — Bissek, Tyuram va Dumfrisning zarbalaridan keyin — Menyanga ustun yordamga keldi. Darvozabonning o‘zi esa qo‘shimcha daqiqalarda yaqin masofadan yo‘llagan zarbani to‘sdi. Ammo baribir «Inter» o‘yinga qo‘shib berilgan besh daqiqaning uchinchisi o‘tib borayotganida mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, shu kunlarda «Roma»dan kelgan Zalevski ko‘kragi bilan to‘pni qulay vaziyatdan zarba bergan de Freyga tashlab berdi. Neradzurrilar yutqazmaganidan xursand, ammo bu durang oradagi farqni yiriklashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan «Napoli»ni ko‘proq xursand qilgandi.
«Roma» — «Napoli» 1:1
Gollar: Anxelino (90+2) — Spinatssola (29).
«Roma – Svilar, Anxelino, Ndika, Manchini, Rensx (Baldanzi, 80), Pizilli, Kristante (Dovbik, 64), Kone (Paredes, 56), Al Sha’roviy (Salemakers, 55), Shomurodov (Dibala, 80), Soule.
«Napoli» – Meret, Spinatssola, Jyezus, Rrahmani, Di Lorenso, Maktominey, Lobotka, Zambo-Angissa, Neres (Matssokki, 76), Lukaku (Simeone, 81), Politano (Raspadori, 86).
Ogohlantirishlar: Politano (14), Kone (51), Pizilli (72).
Antonio Konte jamoasi Rimdagi o‘yinda darhol tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Klaudio Raniyeri tushirgan tarkib ham bunga imkon berardi. Hafta o‘rtasida Yevropa ligasi guruh bosqichida «Ayntraxt» darvozasiga hal qiluvchi golni urgan Eldor Shomurodov ilk daqiqalardan harakat qildi, Dibala, Pellegrini, Dovbik, Paredes va Hummels rimliklar zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganida Spinatssola sobiq jamoasiga urgan gol o‘yin mantig‘idan kelib chiqdi.
«Bo‘rilar» birinchi bo‘limning o‘zidayoq hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo Meret mehmonlarni qutqardi. Ikkinchi bo‘limda Paredesning jarima zarbasidan keyin to‘s ustunga tegdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa rimliklar baribir mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Payshanba kuni «Ayntraxt»ga qarshi o‘yin qahramonlaridan biri bo‘lgan Anxelinio Salemakersning uzatmasidan keyin to‘pni to‘xtatmasdan uzoq burchakka aniq yo‘lladi. Rimda ham «San-Siro»dagi voqealar deyarli takrorlandi. Ikki durangdan keyin turnir jadvalining yuqori qismidagi holat o‘zgarmay qoldi. «Napoli» hamon birinchi o‘rinda, «Inter» — uch ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda, ammo zaxirada bir o‘yini bor.
Germaniya: Bonifeysning qaytishi
«Ayntraxt» — «Volfsburg» 1:1
Gollar: Uzun (81) — Tuta (50, avtogol).
«Ayntraxt» – Trapp, Teate, Kox (Kristensen, 15), Tuta, Knauff (Baoyya, 57), Gyotse, Braun (Nkunku, 68), Hoylund (Larsson, 57), Sxiri (Uzun, 68), Kollinz, Ekitik.
«Volfsburg» – Grabara (Myuller, 66), Mele, Kuliyerakis, Vavro, Fisher, Arnold, Gerhardt, Svanberg (Dardai, 75), Tiagu Tomash (Roerslev, 75), Amura (Nmecha, 85), Vind (Berens, 85).
Ogohlantirishlar: Mele (45+1), Svanberg (71), Baoyya (72), Gerhardt (90+7).
Yevrokubok yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Volfsburg» vaqti vaqti bilan top-4 jamoalaridan ochko tortib olmoqda. Bu safar misrlik to‘purari Marmushsiz qiynalayotgan «Ayntraxt» jabrlandi. Yakshanba kuni «burgutlar»ni mag‘lubiyatdan 19 yoshli Jan Uzun qutqarib qoldi. Turkiya milliy jamoasiga jalb etilgan ushbu futbolchi qanotdan uzatmaga baland sakrab, bosh bilan aniq zarba yo‘lladi. Uchinchi o‘rindagi «Ayntraxt» g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi, ammo durang bilan kifoyalanib, bu turda «Leypsig» va «Shtutgart» ham ochko yo‘qotganidan foydalanib, ilgarlab keta olmadi.
«Bayyer» — «Hoffenhaym» 3:1
Gollar: Bonifase (15), Frimpong (19), Shik (51) — Orban (62).
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie, Ta, Tapsoba, Virts (Palasios, 84), Tella (Buendia, 42), Grimaldo, Jaka, Aleish Garsiya, Frimpong (Artur, 84), Bonifase (Shik, 46).
«Hoffenhaym» – Filipp, Akpoguma, Granach (Mokva, 73), Chaves, Bisxof, Glojyek, Yurasek (Berens, 62), Beker, Gayger (Orban, 62), Byulter (Nsoki, 62), Yardiji (Prass, 84).
Ogohlantirishlar: Gayger (34), Grimaldo (45+2), Bisxof (79), Ta (79), Yardimji (79), Aleish Garsiya (90+5).
Chetlatish: Grimaldo (61).
«Bayyer» esa chempionlik intrigasi barham topmasligiga harakat qilmoqda, o‘tgan turda jamoa «Leypsig»ga qarshi o‘yindagi ikki gol ustunligini boy berib (2:2), intrigani o‘ldirishiga sal qolgandi. Ammo «Hoffenhaym» — boshqa vazn toifasidagi raqib edi va Habi Alonso jamoasi bu raqibni ancha tez taslim qildi. Ayniqsa hisobni jarohat tufayli noyabr o‘rtalaridan buyon o‘ynamagan Bonifeys ochgani muxlislarni xursand qildi. Nigeriyalik hujumchi Shik bilan jiddiy raqobat qilishiga to‘g‘ri keladi, chexiyalik hujumchi imkondan foydalanib, o‘z optimal formasiga qaytib olgan. Yakshanba kuni u ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va mavsumdagi gollarini 14 taga yetkazib qo‘ydi. Bu g‘alabaga qaramay, «Bayyer» «Bavariya»dan olti ochkoga ortda qolmoqda.
Tavsiya etamiz
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30 / 13.03.2025
«Quvur operatsiyasi»: ruslar uni «urushdagi burilish nuqtasi» deyishmoqda
Jahon | 23:40 / 11.03.2025
Amaldorlar “mahalliy” xizmat avtomobillariga o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston | 16:34 / 11.03.2025
Firibgarlar o‘g‘irlagan pullarni qaytarib bo‘lmaydimi?
O‘zbekiston | 15:27 / 11.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Xitoy pandemiya kelib chiqishi masalasida vazminlikka chaqirdi
Jahon | 13:46
-
Qozog‘iston banki O‘zbekistondagi loyihalar uchun qo‘shimcha resurslarni jalb qilishi mumkin
O‘zbekiston | 13:44
-
AQShning Denver shahrida American Airlines samolyoti yonib ketdi
Jahon | 13:42
-
Hafta oxirida havo iliq bo‘lishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 12:37
Mavzuga oid

03:54 / 13.03.2025
YeChL. «Real» «Atletiko»dan penaltilar seriyasida ustun keldi, «Arsenal» va «Aston Villa» ham chorakfinalda

13:53 / 10.03.2025
«Real» «Barsa»ga yetib oldi, «Roma»da g‘alabali seriya. Kun o‘yinlari

10:50 / 09.03.2025
«Siti» muhim o‘yinda yutqazdi, «Barselona»da fojia. Kun o‘yinlari

05:16 / 07.03.2025