Jahon | 13:47 / 03.02.2025
5772
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kanada, Meksika va Xitoy tovarlariga yuqori bojlar joriy qilib, yangi savdo urushini boshladi

AQSh prezidenti Meksika va Kanadadan import qilinayotgan mahsulotlarga 25 foiz, Xitoynikiga esa 10 foizlik yangi bojlar kiritdi. Bu Shimoliy Amerikada juda ko‘p turdagi tovarlar narxining oshishiga olib kelishi mumkin.

Haiyun Jiang for The New York Times

AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika va Kanadadan import qilinayotgan mahsulotlarga 25 foiz, Xitoynikiga esa 10 foizli yangi tariflar joriy etilishini e’lon qildi.

Oq uy saytiga joylashtirilgan hujjatda keltirilishicha, Kanada energiya tashuvchilariga nisbatan pastroq tarif qo‘llanadi – 10 foiz. Bojlar “Meksika, Kanada va Xitoyni noqonuniy immigratsiya, zaharli fentanil hamda boshqa narkotiklarning AQShga kelishini to‘xtatish borasidagi va’dasini bajarishga majburlash” zarurati bilan izohlangan.

Tarif bu – import qiymatiga mutanosib ravishda mamlakatga kirgan tovarlardan olinadigan ichki soliq. Bojlar Trampning iqtisodiy qarashlarida asosiy o‘rinni egallaydi. U buni AQSh iqtisodiyotini rivojlantirish, ish o‘rinlarini himoya qilish va soliq tushumlarini oshirish yo‘li, shuningdek, boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ko‘radi. Amerika prezidenti agar boshqa davlatlar tomonidan javob qaytariladigan bo‘lsa, tariflarni yanada oshirish bilan tahdid qilyapti.

Trampning radikal siyosati global savdo urushining yangi davrini boshlab berishi mumkin. Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, AQSh import tariflari va boshqa davlatlar tomonidan qo‘llanadigan javob choralari avtomobillar, yog‘och va po‘latdan tortib oziq-ovqat va spirtli ichimliklargacha bo‘lgan juda ko‘p turdagi tovarlar narxining qimmatlashishiga olib keladi.

Kanada, Meksika va Xitoy nima qilmoqchi?

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo AQShdan import qilinadigan 155 mlrd dollarlik mahsulotlarga 25 foizlik javob bojlari joriy etilishini e’lon qildi. Bu tariflar alkogol, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzallar, maishiy texnika, mebel, yog‘och materiallari va boshqa tovarlarga nisbatan qo‘llanadi. 30 mlrd dollarlik tariflar dushanba kunidan, qolgani esa uch haftadan so‘ng kuchga kiradi.

Tryudoning aytishicha, Trampning harakati “ularni birlashtirish o‘rniga ajratib yuborgan”. Shuningdek, u Kanada qo‘shinlari Afg‘onistonda amerikaliklar bilan birga jang qilgani, ko‘plab inqirozli vaziyatlarda Kanada xalqi AQSh xalqiga yordam berib kelganini eslatib o‘tdi.

“Bunday vaziyatga tushib qolishni xohlamadik, so‘raganimiz ham yo‘q. Ammo biz ham kanadaliklarning manfaatlarini himoya qilishdan qaytmaymiz”, dedi Tryudo.

Shuningdek, Kanada bosh vaziri ikki davlat o‘rtasidagi chegarani “dunyodagi eng xavfsiz chegaralardan biri” deya ta’riflab, Qo‘shma Shtatlarga kiradigan fentanil va noqonuniy muhojirlarning 1 foizdan kamrog‘i Kanada orqali o‘tishini alohida ta’kidladi va shu sabab savdo siyosatini qattiqlashtirish yaxshi yechim emasligini aytdi.

Avvalroq, rasmiy Ottava tariflardan qochish uchun AQSh bilan chegarada 900 mln dollar qiymatidagi yangi xavfsizlik choralarini qo‘llashga va’da bergandi.

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum o‘zining iqtisodiyot vaziriga “mamlakat manfaatlari himoyasi uchun tarif va notarif choralarni o‘z ichiga olgan B rejani amalga oshirish”ni buyurdi. U muammolar “tariflarni joriy etish yo‘li bilan emas, muzokara va muloqotlar orqali” hal etilishini qo‘shimcha qilib, Trampga jamoat sog‘lig‘ini saqlash hamda xavfsizlik sohasidagi mutaxassislar ishtirokida ishchi guruh tuzish taklifini berdi.

Shuningdek, Sheynbaum Trampning “Meksika hukumati narkokartellar bilan noqonuniy tarzda hamkorlik qilmoqda” degan bayonotini “Meksikaga nisbatan bo‘hton” deb atadi.

Xitoy Savdo vazirligi AQSh tomonidan Jahon savdo tashkiloti qoidalari “jiddiy buzilayotgani”ni ma’lum qilib, JSTga shikoyat qilishlarini va “tegishli qarshi choralar” ko‘rilishini va’da qildi. Aynan qanday choralar ko‘rilishiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

YeI bilan ham savdo munosabatlari yomonlashyapti

Tramp AQShning Yevropa Ittifoqi bilan savdo taqchilligi 300–350 mlrd dollardan oshganini, Yevropa davlatlari esa Amerika avtomobillari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olmayotganidan norozi ekanini ham aytgan. Agar vaziyat shu taxlit davom etsa, Tramp YeI mahsulotlariga ham boj kiritish bilan tahdid qildi.

Bunga javoban Germaniya vitse-kansleri va iqtisodiyot vaziri Robert Xabek Tramp Yevroittifoqdan keladigan tovarlarga boj joriy qilsa, Yevropa davlatlari ham AQShga boj joriy etishga tayyorligini bildirdi.

Narxlar keskin oshishi mumkin

2024 yilda Xitoy, Meksika va Kanadadan kirib kelgan mahsulotlar AQSh umumiy importining 40 foizdan ko‘proq qismini tashkil etgan. Tariflarning ko‘tarilishi bu mamlakatlardan keladigan mahsulotlar narxlarining oshishiga olib keladi. Kanada, Meksika va Qo‘shma Shtatlar iqtisodi o‘zaro chuqur integratsiyalashgan, har kuni chegaralarni taxminan 2 mlrd dollar qiymatidagi mahsulotlar kesib o‘tadi.

Bundan tashqari, Kanada Amerikaga eng yirik xorijiy xom neft yetkazib beruvchi hisoblanadi. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-noyabr oylarida Qo‘shma Shtatlarga import qilingan neftning 61 foizi Kanadadan kirib kelgan. Jastin Tryudo o‘z nutqida AQSh uchun juda zarur bo‘lgan qazilma boyliklar, shu jumladan neft va gaz eksportiga cheklovlar kiritilishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

Bojlar AQShdagi kompaniyalarning xarajatlarini oshiradi. Ularning aksariyati Xitoydan keladigan xomashyo va detallarga bog‘lanib qolgan.

Savdo cheklovlari fonida avtomobil sanoati eng og‘ir zarbani qabul qilishi kutilyapti. Avtomobil qismlari tayyor mashina holatiga kelgunga qadar uchta davlat chegarasini bir necha marta kesib o‘tadi. TD Economics hisob-kitoblariga ko‘ra, AQShda avtomobilllarning o‘rtacha narxi taxminan 3000 dollarga qimmatlaydi. Yangi tariflar uch mamlakatda ham iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi va inflatsiyani tezlashtirishi prognoz qilinyapti.

Mavzuga oid