Aldash – firibgarlik jinoyatining asosi. Buni kasb qilib olganlar birovlarni aldash uchun shunday yolg‘onlar o‘ylab topishadiki, ularning “ijodkor”ligi kishini hayratga soladi. Kun.uz 2024 yilda O‘zbekistonda sodir etilgan eng g‘aroyib firibgarliklarni to‘pladi. Ularda firibgarlar “o‘ljasi”ni ko‘ziga qarab turgan holda aldab, pul yoki mulkini egallab olgan.

O‘zbekistonda har yili minglab firibgarlik jinoyati sodir etiladi. Ularning aksariyati aldov yo‘li bilan o‘zga shaxslar ishonchiga kirib, pul yoki mulkini egallab olish bilan bog‘liq. Kun.uz 2024 yilda respublikada sodir qilingan g‘aroyib firibgarliklarni to‘pladi.

Taksistlarni “uxlatgan” yigit

Zangiota tumanida yashovchi 20 yoshli yigit kirakashlarni chuv tushirishni maqsad qiladi. Buning uchun u juda oddiy yolg‘on o‘ylab topgan va kirakashlar bu yolg‘onga ishongan.

Firibgarlik sxemasi quyidagicha: yigit Toshkent shahri ko‘chalarida yurib, yo‘lovchilardan telefonidan biror daqiqaga foydalanib turishni so‘ragan hamda o‘zi turgan manzilga Yandeks chaqirgan. Chaqiruv bo‘yicha kelgan taksist qo‘liga esa paketga o‘ralgan buyumni (hid taratuvchi aksessuar) tutqazib, biror manzilga yetkazib berishni so‘ragan.

“Manzilda sizni kutib olgan odam “pochta” uchun 300 ming, yo‘l haqi uchun 100 ming so‘m beradi. Siz menga “pochta” pulini berib ketaverasiz”, deya aldagan u jabrlanuvchilarni.

Taksistlar uning gapiga ishonib, “pochta” pulini yigitga tutqazib, aytilgan manzilga yo‘l olishgan. Manzilga yetib borganida esa aldanganini bilishgan. Ilova bo‘yicha taksini chaqirgan odamga bog‘lanishsa, u begona bo‘lib chiqavergan.

Yigit shu uslubda bir emas, ikki emas, 6 holatda taksistlarni turli miqdordagi pulga chuv tushirgan. Ammo oxiri qo‘lga tushgan.

Sudda yigit barcha qilmishlarini tan olgan va ushbu ishlarda umuman sherigi bo‘lmaganini, bir o‘zi sodir etganini bildirgan. Sud hukmi bilan unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi va BHMning 70 baravari (23,8 mln so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Tekinga tushgan “ming tish”

Mazkur firibgarlik jinoyati 2024 yil 17 oktyabr kuni Angren shahrida sodir bo‘lgan. 44 yoshli ayol shaharning Sag‘bon mahallasida yashovchi fuqaroga (ayol kishi) o‘zini “eski-tuski” narsalarni sotib oluvchi sifatida tanishtirgan.