Jahon | 17:54 / 08.02.2025
2237
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR o‘zining yadroviy quroli «savdo vositasi» emasligini ma’lum qildi

Shimoliy Koreya NATO va YeIni tanqid qilib, o‘zining yadroviy kuchi doimiy ravishda jangovar maqsadlarda qo‘llash uchun mo‘ljallanganini bildirdi.

Foto: AFP

Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligi NATO va Yevropa Ittifoqi tanqid qilingan bayonotni e’lon qildi. Unda aytilishicha, KXDR yadroviy quroli hech qachon «savdo vositasi» bo‘lmaydi va u jangovar qo‘llash uchun mo‘ljallangan.

«Bizning yadroviy qurolimiz bu — kimdir tan olishiga erishish uchun mo‘ljallangan «reklama» va bir necha chaqaga almashtirish mumkin bo‘lgan «savdo vositasi» emas. Mamlakatimizning yadroviy kuchi doimiy jangovar qo‘llash uchun mo‘ljallangan», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, bayonotda Koreya yarimorolida AQSh ishtirokida o‘tkazilgan harbiy o‘quvlar ham yodga olingan. Bundan tashqari, Shimoliy Koreya G‘arb davlatlarini Yaqin Sharq va Ukrainadagi mojarolarda ayblagan. «Barcha faktlar o‘zlarini «tinchlik havoriylari» deb ataydigan NATO va YeI safsata sotishi va dunyodagi «xavfsizlikka» hech qanday aloqasi yo‘qligini ko‘rsatmoqda», — deya ta’kidlanadi unda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oxirlarida Kim Chen In KXDR yadroviy qalqonini mustahkamlashni buyurgandi. Uning aytishicha, yadroviy materiallar ishlab chiqarish rejasini yanada oshirish va «mamlakatning yadroviy qalqonini mustahkamlashda novatorlik natijalariga erishish» kerak.

Mavzuga oid