Ukraina öz iştirokisiz heç qanday ikki tomonlama tinçlik muzokaralarini qabul qilmaydi, dedi mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy 13 fevral, payşanba kuni Xmelnitskiy atom elektr stansiyasiga taşrifi çoğida. Bundan taşqari, Ukraina prezidenti Yevropa davlatlarining bölajak tinçlik muzokaralarida iştirok etişidan «juda manfaatdor» ekanini aytdi.
Dpa agentligining yozişiça, Zelenskiy 14 fevral, juma kuni boşlanadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Yevropa yetakçilari bilan hozirgi vaziyatni muhokama qilişni rejalaştirmoqda. Avvalroq Donald Tramp konferensiya doirasida Ukraina rahbariyati va Amerika delegatsiyasi örtasida ham uçraşuv bölib ötişini ma’lum qilgandi.
Moskva va Vaşington: Ukraina muzokaralarda iştirok etadi
Avvalroq Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina mojaroni hal qiliş böyiça muzokaralarda iştirok etişini, biroq Vaşington baribir Moskvaning asosiy «vizavisi» bölib qolişini aytdi. «U yoki bu tarzda, albatta, Ukraina muzokaralarda iştirok etadi. Albatta, bu muloqotning ikki tomonlama Rossiya-Amerika treki böladi va u Ukrainaning iştiroki bilan boğliq böladi», — dedi u.
Peskov, şuningdek, Tramp va Putin örtasidagi suhbatda Rossiyaning Ukrainaga qarşi uruşini hal qiliş böyiça muzokaralarda yevropaliklarning iştiroki muhokama qilinmaganini ta’kidladi. Uning sözlariga köra, Yevropa davlatlari muzokaralarda «qandaydir tarzda öz örnini egallaş uçun Vaşington bilan gaplaşişi» kerak böladi.
Keyinroq AQŞ prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Ukraina uruşni tugatiş uçun Rossiya bilan muzokara stolidan joy olişini aytdi.









