Oxirgi ikki kunda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga aloqador juda ko‘p voqealar bo‘lib ketdi. Ularning barchasini kuzatish uchun imkon topish qiyin. Biz bu borada sizga yordam beramiz va turli minbarlarda, intervyularda, telefon suhbatlarida yangragan bayonotlarni o‘ziga xos kombo ko‘rinishida sizga taqdim etamiz. Iltimos, YouTube kanalimizga yuklangan videoga like bosishni unutmang. Ko‘rib bo‘lgach, izohlarda o‘z fikringizni qoldiring.

Trampning qo‘ng‘irog‘i

Biz Amerika prezidenti juda katta odam, deb ko‘p takrorlaymiz. Shu kunlarda ushbu gap navbatdagi marta isbotini topdi. Donald Tramp bir necha soat ichida avvaliga Putinga, keyin Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, hamma yerni parokanda qilib yubordi.

Dunyo qaysidir ma’noda Trampning donoligiga umid qilib, u tez orada urushni tugatish bo‘yicha aql bovar qilmas, hammani qanoatlantiradigan reja e’lon qiladi deb kutayotgandi. Ammo yevropaliklar bir uxlab turishsa, Amerika prezidenti Putin va Zelenskiy bilan telefonda gaplashgan, o‘z uslubida bayonotlar ham berib bo‘lgandi. Shunda ko‘pchilik tushunib yetdi: bu hamon o‘sha-o‘sha, Helsinkida Putin bilan gaplashgan Tramp ekan.

Uning gaplaridan kelib chiqadiki, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda asosiy ikki tomon Rossiya va AQSh bo‘ladi. Urush o‘z hududida bo‘layotgan Ukraina-chi? Kiyevning strategik hamkori Yevropa Ittifoqi-chi? Trampning bayonotlari mana shunday savollar bilan qarshi olindi.

Darvoqe, Putin telefon suhbati chog‘ida Trampni Moskvaga taklif qilibdi. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov esa Rossiya Trampni 9 maydagi g‘alaba paradida kutishini aytdi. Rossiyalik huquqshunos Mark Feygin ancha avval Dmitriy Gordon bilan intervyu vaqtida Rossiya 9 may kuni Ukraina ustidan g‘alaba haqida e’lon qilishni ko‘zlayotganini aytgandi. Aftidan, Feygin nimanidir bilgan ko‘rinadi.

Tramp avvaliga Putin bilan Saudiyada ko‘rishishi, keyin Moskva hamda Vashingtonda ham uchrashuvlar bo‘lishi haqida gapirdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Saudiyada Tramp aytganidek Amerika va Rossiya prezidentlari uchrashmaydi, shunchaki Rossiya, Ukraina va Amerika vakillari muloqot qiladi. Shunday ekan Tramp Putin bilan Moskva hamda Vashingtonda uchrashishi haqida gaplari ham bekor bo‘lib chiqishi hech gap emas.

«Hammasini Tramp boshqaradi»

Keyinroq Pentagon yangi rahbari, sobiq teleboshlovchi Pit Hegset yangi ma’muriyat muzokaralarda nimani istayotgani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni to‘laligicha Donald Tramp boshqaradi. Hegset muzokaralar yakunida Ukraina NATOga qabul qilinishi imkonsiz masala ekani, lekin hech qanday variant istisno qilinmasligini ham aytdi.