AQŞ prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi uruş tufayli bank va neft-gaz sohalarida Rossiyaga qarşi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qiliş muddatini uzaytirmoqçi emas. Şu tariqa, Moskvaga nisbatan sanksiyalar rejimi haqiqatda ham kuçaytiriladi, deb xabar berdi CBS 13 mart, payşanba kuni Tramp ma’muriyatining rejalari bilan taniş bölgan tört manbaga tayanib.

Ma’lumot şuni körsatadiki, AQŞ Moliya vazirligi 2025 yil yanvar oyida Bayden ma’muriyati tomonidan sanksiyalangan Rossiya banklari iştirokidagi ba’zi energetika operatsiyalarini davom ettirişga imkon bergan 60 kunlik voz keçiş muddatini uzaytirmagan. Xususan, Vneşekonombank, «Otkrytiye» banki, Sovkombank, Sberbank, VTB banki, Alfa-Bank, Rossiya Markaziy banki va boşqalarga çeklovlar qöyildi. Ularning barçasi energetika tranzaksiyalarini amalga oşiriş uçun Amerika tölov tizimlaridan foydalanişi bloklanadi.

Fox News telekanalining Oq uydagi muxbiri Edvard Lourens özining X akkauntida manbaga tayanib, yangi çeklov çoralari tufayli Yevropaning heç bir davlati Rossiyadan AQŞ sanksiyalari ostida qoliş xavfisiz neft sotib ololmasligini yozdi. «Bu harakatdan xabardor manbaning aytişiça, ma’muriyat Ukrainadagi janglarni töxtatiş va uruşni tugatiş böyiça muzokaralar olib borişga e’tibor qaratgan. Qöşma Ştatlar bu maqsadga erişiş uçun asosiy dastak bölib qoladigan sanksiyalardan foydalanişda davom etadi», — deya tuşuntirdi u.

Rubio: Yevropa Ittifoqi sanksiyalari Ukraina böyiça muzokaralar mavzusi bölişi mumkin

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarşi sanksiyalari masalasi AQŞning Ukrainada öt oçişni töxtatiş böyiça taklifi yuzasidan Moskva bilan muzokaralarda muhim rol öynaşi mumkin. AQŞ davlat kotibi Marko Rubio 12 mart kuni jurnalistlar bilan suhbatda şunday fikr bildirdi. Ukraina böyiça tinçlik muzokaralari jarayoniga yevropalik şeriklarni jalb qiliş imkoniyati va Vaşingtonning bunga munosabati haqidagi savolga Rubio şunday javob berdi: «Öylaymanki, bayonotda (Amerika va Ukraina delegatsiyalarining Saudiya Arabistonida bölib ötgan muzokaralaridan söng) ular (ukrainaliklar) yevropaliklarni jalb qiliş zarurligi masalasini kötargan deb öylayman. Va men işonamanki, rossiyaliklar bilan har qanday muzokaralarda — agar biz ularga yetib borsak, (ruslar) ularga qarşi qöyilgan Yevropa sanksiyalari masalasini kötaradi».

«Şunday ekan, menimça, Ukrainada tinçlik bölişi uçun bu jarayon yakunida yevropaliklar sanksiyalar böyiça nima qilişlari va hokazo haqida qandaydir qaror qabul qilişlari kerak. Şuning uçun menimça, ular bu borada mutlaqo (tinçlik muzokaralari jarayonida) iştirok etişlari kerak», deb tuşuntirdi AQŞ Davlat departamenti rahbari.