Investorlarni Trampning oldindan bashorat qilish qiyin bo‘lgan savdo siyosati tobora ko‘proq xavotirga solmoqda. Bu siyosat global ta’minot zanjirlari barqarorligiga tahdid qilmoqda. Oq uyning iqtisodiy retsessiya (pasayish) xavflariga nisbatan yetarli darajada e’tibor bermasligi esa volatillikni yanada kuchaytirmoqda. AQSh fond bozorida so‘nggi kunlarda kuzatilgan keskin pasayish nimalar bilan bog‘liq? Prezidentning milliarder ittifoqchilari qancha yo‘qotishga uchradi? Birjalar va umuman AQSh iqtisodiyotida vaziyat endi qanday rivojlanadi? «Meduza» nashri ushbu savollarga javob izladi.

10 mart, dushanba kuni AQSh fond bozori 2022 yildan beri eng yomon kunini boshdan kechirdi. Bozordagi sarosimaga Donald Trampning AQSh iqtisodiyotida ehtimoliy pasayish haqida bergan bayonoti sabab bo‘ldi. Amerika prezidenti mamlakat «o‘tish davrini» boshdan kechirayotganini aytdi va uning o‘zi boshlab bergan tarif urushlari natijasida iqtisodiyotda retsessiya boshlanishini istisno etmadi. «Bunday narsalarni (retsessiyani) bashorat qilishni yoqtirmayman. Hozir o‘tish davri, chunki biz qilayotgan ishlar juda keng ko‘lamli», — deb tushuntirdi Tramp.

Prezidentning ehtiyotsizlik bilan aytgan ushbu fikri yaqin-yaqingacha Tramp siyosatidan iqtisodiy o‘sish tezlashishi va fond bozori qo‘llab-quvvatlanishini kutgan tahlilchilarni ham xavotirga solib qo‘ydi. Endi esa ularning ijobiy prognozlari ham savol ostida qoldi.

Bozorlarning Trampning bayonotiga reaksiyasi

Trampning so‘zlari AQSh fond bozorida haqiqiy bo‘ronni keltirib chiqardi. Investorlar uning bayonotini iqtisodiy retsessiya haqidagi jiddiy ogohlantirish sifatida qabul qildi. Amerikadagi yirik kompaniyalar holatini aks ettiruvchi S&P 500 indeksi 2,7 foizga quladi. Eng yirik kompaniyalarning aksiyalari kiruvchi Dow Jones Industrial Average («ko‘k fishkalar») indeksi esa 2,1 foizga pasaydi. Texnologiya sektori eng katta zarar ko‘rdi: Nasdaq Composite indeksi 4 foizga qulab tushib, 2022 yil sentabridan buyongi eng yomon natijani ko‘rsatdi.

Bu pasayish Amerikadagi eng yirik tadbirkorlarning moliyaviy ahvolida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Tesla aksiyalari 15 foizga pasayib, 2020 yildan beri eng katta qulashi qayd etildi. Bu esa dunyodagi eng boy inson hisoblangan Ilon Maskning qariyb 23 milliard dollar yo‘qotishiga sabab bo‘ldi. Amazon rahbari Jyeff Bezos 4,3 milliard dollar yo‘qotdi, Meta asoschisi Mark Tsukerbergning yo‘qotishi esa 9,5 milliard dollarga yetdi. Ular bilan birga ko‘plab boshqa yirik biznesmenlarning ham boyligi qisqardi. Bloomberg agentligining hisob-kitobiga ko‘ra, Trampning inauguratsiyasida qatnashgan eng boy tadbirkorlarning yo‘qotishlari 209 milliard dollarni tashkil etgan. Ularning kompaniyalari kapitallashuvidagi umumiy pasayish esa fantastik 1,39 trillion dollarga yetdi. Bu Rossiyadek davlatning bir yillik YaIMga qariyb teng.