Electrek nashrining xabar berishicha, Tesla kompaniyasi o‘zining agentlariga mijozlarga Cybertruck elektr pikapini yetkazishni to‘xtatish buyrug‘ini bergan. Bunga sabab qilib pikap kuzovini tashkil etuvchi zanglamas po‘lat panellarning yaxshi yopishtirilmagani va vaqt o‘tishi bilan bu muammo og‘irlashishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

Bu muammolarga qo‘shimcha ravishda gaz pedali va tashqi qoplamadagi nuqsonlar sababli model bir necha bor qaytarib olingan.

Ayniqsa, sovuq iqlimli hududlarda foydalanuvchilar kuzov panellarini ushlab turuvchi yelim modda qotib qolishi sababli metall qismlar ajralib ketayotganidan shikoyat qilishmoqda. Bu muammo ilgari ham kuzatilgan, ammo Tesla tomonidan hal qilinmagan. Eng so‘nggi vaziyatda esa bir Cybertruck'ning old bamperi to‘liq ajralib ketgani aks etgan tasvir internetda keng tarqaldi, bu esa yirik muammo sifatida baholanmoqda.

Xaridorlar shuningdek, Cybertruck ustidag National Highway Traffic Safety Administration (NHsA) — AQSh yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga ham shikoyatlar yuborayotganini ta’kidlamoqda. Ular Cybertruck kuzovidan turtib chiqqan o‘tkir qirrali metall qismlar, avtomobil harakat paytida shamol ta’sirida titrayotgani, ovoz chiqarayotganini ma’lum qilishgan va boshqa bir qator xavfli nuqsonlar haqida xabar berishgan.

Tesla'ning elektr pikapi ishlab chiqarish jarayonida turli muammolarga duch keldi. Ular orasida:

  • Gaz pedalidagi nuqsonlar, u yopishib qolishi yoki butunlay ajralib ketishi;
  • Kuzov plastik qismlarining mustahkam emasligi;
  • Ba’zi modellarda ishlab chiqarishda muammolar mavjudligi kabilar bor.

YouTube blogeri WhistlinDiesel nomli mashhur kontent yaratuvchisi Cybertruckning chidamliligi bo‘yicha test o‘tkazib, uni osongina shikastlash mumkinligini isbotladi. Bu esa keng jamoatchilikda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

Tesla shu hafta Cybertruck ramkasini po‘latdan alyuminiyga o‘zgartirish bo‘yicha qaror qabul qilganini e’lon qildi. Bu esa kuzov vaznini oshirib, avtomobilning yuk ko‘tarish imkoniyatini pasaytirishi mumkin.

Ilon Mask oldinroq Cybertruck haqida «biz uni juda mustahkam va yuk ko‘tarish qobiliyati yuqori qilib yaratamiz», degan edi. Biroq kompaniyaning so‘nggi qarorlari bu va’dalarni shubha ostiga qo‘ymoqda.

Cybertruck sotuvlari juda past darajada qolmoqda. Cox Automotive ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Tesla bor-yo‘g‘i 39 ming dona Cybertruck sotgan. Bu ko‘rsatkich ishlab chiqarish imkoniyatlaridan ancha kam – kompaniya yiliga 125 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. Sotuvni rag‘batlantirish maqsadida Tesla moliyaviy dastur taklif qilmoqda: 2 yillik foiz stavkasi bilan avtokreditlar berish boshlangan.