O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida davlat organlari va tashkilotlari 1 aprelga qadar o‘tgan yildagi o‘z faoliyatiga oid hisobotni jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini o‘tkazishi belgilangan.

Shunga muvofiq, “Biznesni rivojlantirish banki” 2024 yildagi faoliyati yuzasidan jamoatchilikka hisobot berdi.  Bank tomonidan norasmiy muloqot platformasi sifatida tashkil qilingan “BRB do‘stlari” klubi doirasida o‘tkazilgan tadbirda bank erishgan asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar, biznes rivoji uchun yo‘naltirilgan sarmoyalar, xalqaro hamkorlik natijalari va tatbiq qilingan loyihalar haqida axborot berildi.

Qayd etilishicha, 2025 yil 1 yanvar holatiga bankning umumiy kapitali yil boshiga nisbatan 35,1 foizga o‘sib 4 trln 295 mlrd 500 mln so‘mga yetdi. Shuningdek, bankning daromad keltiruvchi aktivlari yil boshiga nisbatan 12,8 foizga o‘sdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, “Biznesni rivojlantirish banki”aholining turmush farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan aniq manzilli iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lib kelmoqda. Bank “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturining asosiy tayanch banki sifatida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga, yangi ish o‘rinlari va aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga sarmoyalar kiritmoqda. Xususan, Dastur doirasida 17 676 nafar tadbirkorlar 1,7 trln so‘m miqdorida moliyalashtirilgan.