O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil Suriyadagi harbiy obektlarni yakson qildi

Isroil Hama va Damashqdagi harbiy obektlarga aviahujum uyushtirdi. Hujum Suriyadagi «T4» aviabazasiga Turkiya qiziqish bildirgani haqidagi xabarlardan so‘ng amalga oshirilgan.

Palmira yaqinidagi ushbu bazani Isroil avval ham nishonga olgan edi. Bu safar ham hujumni «milliy xavfsizlik manfaatidagi ogohlantirish», deb atadi.

Suriya Tashqi ishlar vazirligi hujumni keskin qoralab, «asossiz eskalatsiya» deb baholadi. Hamadagi aerodrom deyarli yo‘q qilingan, kamida to‘rt harbiy halok bo‘lgan.

Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats havodan bosim davom etishini va bufer hududlarda pozitsiya saqlanishini bildirdi. O‘tgan yilning 8 dekabrida Asad rejimi qulagandan beri Isroil Suriyaning bir qismini egallab olib, yuzlab hujumlar uyushtirgan.

Suriya tomoni esa bu amaliyotlarni mamlakatni beqaror saqlash urinishi, deb atamoqda. Suriya aholisi ham Isroil hujumlariga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazmoqda.

Dara’, Suvaydo, Hama va Halab viloyatlarida suriyaliklar Isroilning hujumlariga qarshi ko‘chalarga chiqishdi. Namoyishchilar G‘azoga qo‘llab-quvvatlov bildirib, aksilisroil shiorlarini baqirishdi.

Kriviy Rig ballistik hujumga uchradi

4 aprel kuni kechqurun Rossiya armiyasi Ukrainaning Kriviy Rig shahridagi turar joy kvartaliga ballistik raketa bilan zarba berdi. Hujum oqibatida 19 kishi halok bo‘lgani, 61 nafar inson, jumladan 12 bola yaralangani aytilmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hujumni keskin qoralab, bu oddiy shaharga qarshi qasddan qilingan ballistik zarba ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan 6 nafari bolalar bo‘lgan.

Zarba bolalar maydonchasi yaqinida sodir bo‘lgan. Shaharda 20 dan ortiq ko‘p qavatli uy, o‘nlab avtomobillar va ijtimoiy obektlar zarar ko‘rgan. Eng kichik jarohatlangan bola 3 oylik ekani aytilmoqda.

Hozirda qutqaruv ishlari davom etmoqda. Ukraina rasmiylari buni navbatdagi fojiali terakt sifatida baholamoqda.