Avvallari ayollar parlament tarkibiga xo‘jako‘rsinga kiritib qo‘yilgan bo‘lsa, endi unday emas, hozir parlamentlarning uchdan bir qismida spiker lavozimini ayollar egallab turibdi, dedi Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong Toshkentdagi forumda. Forum ishtirokchilari xotin-qizlarning dunyo bo‘ylab siyosiy hayotdagi o‘rni hamon murakkabchiligicha qolayotgani haqida so‘z yuritishdi.

5 aprel kuni Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi doirasida parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda turli mamlakatlardan 200 dan ortiq parlamentariylar qatnashib, gender tenglik va ayollarning siyosiy hayotdagi ishtirokini muhokama qildi.

Ishtirokchilar inson huquqlari, Falastinda ikki davlat tuzish yechimini ilgari surishda parlamentlarning roli va qurolli mojarolarning uzoq muddatli ta’sirini yumshatish bo‘yicha parlament strategiyalari haqida ham so‘z yuritdi.

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongning aytishicha, hozirda dunyo parlamentlarining uchdan bir qismida spiker lavozimini ayollar egallab turibdi. Bu ko‘rsatkichni 50 foizga yetkazish kerak, deydi u. Lekin bunga bir qator to‘siqlar bor. Martin Chungongning ta’kidlashicha, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi parlamentlarida ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari uchraydi, bu bo‘yicha tadqiqot ham o‘tkazilgan.

Dunyoning ko‘p qismlarida tazyiq va zo‘ravonlik tufayli ayollarning siyosatda ishtirok etolmayotganini ko‘rmoqdamiz. Gender tenglikni orqaga surayotgan, ayollarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokiga ahamiyat bermayotgan odamlar bor. Bu forum butun dunyoda kuzatilayotgan ayollar huquqlariga qarshilik sharoitida gender tengligini targ‘ib qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni kuchaytirish uchun muhim fursat”, – deydi u.

Tashkilot rahbari ayollarni parlament tarkibiga faqat xo‘jako‘rsinga kiritish holatlari kamayib borayotganini aytadi.

Ha, to‘g‘ri, ilgari ayollarning aksariyati parlamentlarga shunchaki bezak edi, lekin endi unday emas. Bugun dunyo parlamentlarining uchdan bir qismida spiker lavozimini ayollar egallab turibdi, bu yaxshi. Lekin bu yetarli emas. Biz 50 foiz tenglikni xohlaymiz. Qolaversa, ko‘p mamlakatlarda ayollar parlamentga saylanganda orqa qatorlarda o‘tirishadi. Shuning uchun biz genderga sezgir parlamentlar rejasini ishlab chiqdik. Parlamentlar erkaklar va ayollar manfaatlarini teng darajada ko‘rib chiqadigan va hisobga oladigan institutga aylanishi kerak”,