Rossiya qo‘shinlari 6 aprel kuni tongida Kiyevga ballistik raketalar bilan hujum qildi. Darnitskiy rayonida noturar joy binosida yong‘in sodir bo‘ldi, yana bir bino vayron bo‘ldi. Obolonskiy rayonida mebel sexi va omborxonada yong‘in chiqqan. Bundan tashqari, biznes markazining besh qavatli binosi qisman vayron bo‘lgan. U yerda Freedom telekanali ofisi joylashgani aytilmoqda. Solomenskiy rayonida esa omborxona binosi fasadi shikastlangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zarba oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan.

Kiyevdagi shikastlangan bino, 2025 yil 6 aprel
Sergey Dolzhenko / EPA / Scanpix / LETA
Kiyevning Obolonskiy rayonidagi biznes-markaz atrofida shikastlangan avtomobil, 2025 yil 6 aprel
Yan Dobronosov / Global Images Ukraine / Getty Images
Kiyev bo‘ylab raketa hujumi vaqtida ko‘tarilgan tutun, 2025 yil 6 aprel
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Kiyev, 2025 yil 6 aprel kuni tongi
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Tunda Rossiya qo‘shinlari Sumi shahrining fuqarolik infratuzilmasiga ham dronlar bilan hujum qilgan. Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati (FVDX) ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatda ma’muriy va omborxona binolari yonib ketgan. Qurbonlar yo‘q.

FVDX Rossiya qo‘shinlari Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahrining aholi yashash mavzelariga aviabombalar tashlaganini ma’lum qildi. Oqibatda turar joy binolarida yong‘inlar sodir bo‘lgan. Ikki kishi – 67 yoshli erkak va 78 yoshli ayol jabrlangan. Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning aniqlik kiritishicha, snaryadlardan biri to‘qqiz qavatli turar joy binosiga kelib tushgan, u yerda ikkinchi qavatdan yettinchi qavatgacha bo‘lgan balkonlar, shuningdek, to‘rtta kvartira yonib ketgan.