AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Britaniyaning The Times gazetasiga bergan intervyusida agar o‘t ochish to‘xtatilsa, Ukrainada bir nechta nazorat zonalari paydo bo‘lishini taklif qildi.

«Bu xuddi Ikkinchi jahon urushidan keyin Berlinda ruslar zonasi, fransuzlar zonasi, britanlar zonasi va Amerika zonasi bo‘lganidek ko‘rinishda bo‘lgan bo‘lardi», – dedi iste’fodagi general Kit Kellog. U AQSh hukumati Ukrainaga quruqlik kuchlarini yubormasligini ta’kidlagan.

  1. Kellogning taklifiga ko‘ra, Britaniya va Fransiya qo‘shinlari Ukraina qo‘shinlari bilan bir qatorda «ta’minot kuchlari» sifatida Ukraina g‘arbidagi va Dnipro daryosigacha bo‘lgan nazorat zonasini egallaydi. The Times nashri tayyorlagan xaritaga ko‘ra, bu zona Lviv, Odessa va Kiyev kabi asosan g‘arbdagi hududlarni o‘z ichiga oladi.
  2. Nashr xaritasidan ma’lum bo‘lishicha, Ukraina shimoli va sharqidagi hududlar, jumladan, Sumi, Xarkiv, Dnipropetrovsk va Zaporijjya to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina nazorat zonasiga kiradi.
  3. Sharqdagi bosib olingan hududlar Rossiya nazorat zonasida qoladi.
  4. Rossiya va Ukraina hududi o‘rtasida sharqdagi mavjud nazorat chiziqlari bo‘ylab 30 kilometrlik demilitarizatsiya qilingan hudud bo‘ladi.

The Times gazetasi Kit Kellogning fikricha, Dnipro daryosi g‘arbidagi ingliz-fransuz qo‘shinlari Moskvani «umuman g‘azablantirmasligi»ni qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina – o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini ta’minlashga intilayotgan bir nechta armiyani sig‘dira oladigan darajada katta davlatdir. Kellogning fikricha, qurolsizlantirilgan hududni nazorat qilish oson bo‘ladi: «Qoidabuzarliklar bo‘ladimi? Bo‘lishi mumkin, chunki ular doimo bor. Lekin buni kuzatish juda oson».

The Times qayd etishicha, Kit Kellogning rejasi AQSh «Rossiyaning hozir egallab turgan hududi ustidan amalda nazorati»ni tan olishini nazarda tutadi. Nashr bilan suhbatda Kellog RF prezidenti Vladimir Putin nazorat zonalari haqidagi taklifni «qabul qilmasligi mumkinligi»ni tan oldi.

The Times mualliflari o‘z nashrida Kellog rejasini Ukrainaning «parchalanishi» deb atagan, generalning o‘zi esa ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida buni rad etgan. Kellog maqolada uning so‘zlari «buzib ko‘rsatilgani»ni aytdi:

Men Ukraina suverenitetini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘t ochishni to‘xtatgandan keyin barqarorlikni ta’minlash kuchlari haqida gapirdim. Bo‘linish haqida gapirganda, men ittifoqchi kuchlarning (Amerika qo‘shinlarisiz) hududlarini yoki javobgarlik zonalarini nazarda tutdim. Men Ukrainaning bo‘linishini nazarda tutmadim.