Angliya: «Siti» Moyyesning sirini topdi
«Everton» — «Manchester Siti» 0:1
Gollar: O’Rayli 84, Kovachich 90+2
«Manchester Siti»: Ortega, Nunes, Diash, Gvardiol, O’Rayli, Gonsales (Kovachich, 78), Silva, Gundo‘g‘an, De Bryuyne (Akanji, 88), Savinio (Doku, 78), Marmush.
«Everton»: Pikford, Mikolenko, Brentueyt, Tarkovski (Kin, 52), O'Brayyen, Guyye (Iroegbunam, 79), Garner, Dukure, Harrison (Maknill, 79), Ndiayye (Alkaras, 79), Broya (Betu, 63).
«Manchester Siti» joriy mavsumda «katta oltilik» vakillarining birortasi uddalay olmagan ishni bajardi. Aniqroq aytganda — «Everton» har qanday raqibga muammo tug‘diradigan «Gudison Park»da g‘alaba qozondi. «Shaharliklar»ham ushbu stadionda so‘nggi mavsumni o‘tkazayotgan mezbonlarning ishtiyoqini o‘z tanasida his qilishdi, hisob 0:0 holatida jamoani ustun va Ortega gollardan qutqarib qoldi. O‘yin oxirida, Marmush qulay vaziyatni boy berganida esa, O'Rayli ushbu forvardga qanday harakatlanish bo‘yicha o‘rnak bo‘ldi. Qatorasiga ikkinchi o‘yinda raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan lateral hujumga ideal tarzda qo‘shilib, raqib himoyachisidan ildamroq harakatlandi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Kovachich «irislar»ni uzil-kesil taslim qildi. Xosep Gvardiola shogirdlari endi turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinda. Ta’qibchilar yaqin joylashgan bo‘lsa-da, endi uchinchi o‘rindagi «Nyukasl» bilan oradagi farq bittagacha qisqargan.
«Aston Villa» — «Nyukasl» 4:1
Gollar: Uotkins 1, Matsen 64, Bern 73 (avtogol), Onana 75 – Sher 18.
«Aston Villa» – Martines, Kesh, Konsa, Mingz, Matsen, Kamara (Barkli, 82), Tilemans, Rodjyers (Malen, 82), Asensio (Onana, 72), Makginn, Uotkins (Reshford, 82).
«Nyukasl» — Pop, Trippiyer (Kraft, 76), Bern, Sher, Livramento, Gimaraes, Tonali, Myorfi, Isak (Uilson, 76), Joelinton, Barns.
Hafta o‘rtasida «Kristal Pelas»ga qarshi qoldirilgan uchrashuvda yirik hisobda g‘alaba qozongan «qarg‘alar» Birminghemda ashaddiy raqib tomonidan tor-mor etildi: Chempionlar ligasida o‘ynash yoqib qolgan «Aston Villa» keyingi mavsum uchun yo‘llanmadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibga qarshi hech qanday imkoniyat qoldirmadi. O‘tgan mavsumda ushbu klubga qarshi ikki o‘yinda ham yirik hisoblarda mag‘lub bo‘lgan (1:5, 0:3) Unai Emeri shogirdlari ilk daqiqadan hujumga tashlanishdi va Uotkins birinchi hujumdayoq hisobni ochdi. Mehmonlar birinchi bo‘limdayoq javob qaytarishdi, ikkinchi bo‘limda esa yana uchta gol qabul qilib olishdi. Keyingi mavsumda YeChLda Angliyadan besh jamoa qatnashadi, birminghemliklar esa hozirda oltinchi o‘rinda. Jamoa hisobidagi ochkolar soni tur o‘yinini yakshanba kuni o‘tkazadigan «Nottinghem»niki bilan bir xil, to‘rtinchi o‘rindagi «Manchester Siti» bilan oradagi farq — atigi bir ochkoni tashkil etmoqda. Bahor boshlanganidan buyon «Villa» o‘z uyida juda yaxshi o‘ynamoqda va qatorasiga olti g‘alabali uchrashuvning har birida kamida ikkitadan gol urgan. Jamoada bunday seriya 1990 yildan buyon kuzatilmagandi.














