Yeri tortib olingan fermer, qonunbuzarlikdan qo‘rqmaydigan hokim, nazar-pisand qilinmayotgan sud qarorlari, tomoshabin rolidagi MIB va prokuratura. O‘zbekistonning turli hududlaridan Kun.uz studiyasiga kelgan uch fermer boshdan kechirganlarini so‘zlab berdi. “Maqbullashtirish jarayonidagi qonunbuzarliklar ommaviy tus olgan”, deydi Fermerlar kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirov.

“Boydavlet ota baraka” f/x rahbari Meyrmanqul Umrzoqov (Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani):

– 2019 yili maqbullashtirish paytida mening va o‘g‘limning fermer xo‘jaligimizni noqonuniy ravishda olib qo‘yishdi. Hatto yerimiz olib qo‘yilganini bilmay ham qolganmiz, bexabar qolganmiz. Odamlardan eshitdik: “yerlaringizni olib qo‘yishdi”, deyishdi. Shundan keyin men sudga murojaat qildim. Tuman ma’muriy sudida sud bo‘ldi. Keyin viloyatda. Viloyatda bizni Fermerlar kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov himoya qildi. Sudda yutuqqa erishdik. Sud qarori 2019 yilda kuchga kirgan, olti yil o‘tgan bo‘lsa-da, shu kungacha ijrochilar tomonidan bajarilmay kelyapti. Qarorni bajarmaslik uchun menga kuch ishlatishdi, davolanib ham chiqdim. Hamma yoqqa murojaat qildim bir necha martalab. Idoralar bir-biriga solib kelyapti.

Fermerlar kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirov:

– 2019 yil 9 yanvarda hukumatning 14-sonli qarori qabul qilindi. Shu qaror asosida fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari maqbullashtiriladigan bo‘ldi. Qarorni ta’minlash jarayonida ko‘plab qonunbuzarliklar sodir etildi. 2019 yilning 12 yanvarida Yuqori Chirchiq tumani hokimi tomonidan ota-o‘g‘il fermerlarning yer ijarasi shartnomasini bekor qilib, yerni noqonuniy ravishda zaxiraga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Biz bu fermer xo‘jaligining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ma’muriy sudlarga ariza berganimizdan keyin 2020 yil 20 fevral kuni Chirchiq shahar ma’muriy sudi tomonidan o‘sha tuman hokimining 192 va 196-sonli qarorlari haqiqiy emas deb topildi. Qonuniy manfaatlar tiklandi. Biroq tuman hokimligi tomonidan bu sud qaroriga nisbatan reaksiya bildirilmadi. O‘zlarining o‘sha “haqiqiy emas” deb topgan qarorlarini bekor qilmadi.

Mazkur sud qarorini bajarmagani yetmaganidek, yana bir qaror chiqarib, yerning yarmini boshqa bir MChJga bergan. 2020 yil 19 sentabr kuni esa yana bir qaror qabul qilib, boshqa bir mas’uliyati cheklangan jamiyatga ikkinchi yarmini xomtalash qilib berib yuborgan. Sud qarorlarini qasddan mensimagan va bajarmagan. Bu qarorga nisbatan ham biz ma’muriy sudga ariza kiritdik. Tuman hokimining bu qarorini ham haqiqiy emas deb topdirdik. Jami to‘rtta ma’muriy sudning to‘rtta hal qiluv qarorini bajarmasdan kelyapti bu hokimiyat. Mazkur MChJlarni yerdan majburiy tarzda ko‘chirib chiqarish bo‘yicha Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza berildi. Sud majburiy tarzda ko‘chirish haqida qaror qabul qildi. Lekin bu qarorlar hozirgi kunga qadar bajarilayotgani yo‘q.