Kashmirning Hindistondagi qismida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhini o‘qqa tutdi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 26 kishi halok bo‘lib, 17 kishi yaralangan.
Hindiston matbuotiga ko‘ra, qurbonlarning ikki nafari xorijliklar – Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari bo‘lgan, yana ikki nafari – mahalliy aholi vakillari, qolganlar esa mamlakatning boshqa hududlaridan kelgan sayyohlar edi.
Fojia ro‘y bergan Pahalgam regioni – sayyohlar orasida mashhur joylardan sanaladi. U Hindiston ham, Pokiston ham da’vo qiladigan, rasman hind hukumati nazoratidagi bahsli hududda joylashgan. Hududdagi aholining aksar qismi musulmon diniga e’tiqod qiladigan kishilar.
Hujum Baysaran vodiysida amalga oshirilgan – bu Pahalgamdagi asosiy yo‘lning bir tomonida joylashgan o‘tloq joy hisoblanadi. Bu hududni Hindiston Shveytsariyasi deb atashadi, bu yerda Bollivudning ko‘plab filmlari suratga olingan. Bu joyga faqat piyoda holda yoki vertolyotda yetib olish mumkin.
AFP agentligi otishma ovozlarini eshitgach, voqea joyiga borgan va bir necha yaradorni otida evakuatsiya qilgan, Vahid ismli mahalliy gid bilan gaplashgan.
U yerda yotgan bir necha jasadlarning ustidan chiqqanini aytib bergan.
Guvohlarning aytishicha, turistlarga harbiy formada bo‘lgan bir necha kishi hujum qilgan. Ular voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Hindiston kuchishlatar tuzilmalari hududni qurshovga olgan, o‘t ochgan shaxslarni qidirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Hujum uchun javobgarlikni u qadar taniqli bo‘lmagan «Kashmir qarshiligi» qurolli guruhi o‘z zimmasiga olgan. Ushbu guruh ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida regionga 85 mingdan ortiq «begonalar» kelib o‘rnashgani, bu esa «demografik o‘zgarishlar»ni yuzaga keltirgani haqida yozgan. Guruh shu tufayli regionga «noqonuniy kelib joylashishga uringanlar»ga nisbatan kuch ishlatilishi bilan tahdid qilgan.
Region rahbari Oman Abdulla X ijtimoiy tarmog‘ida qurbonlar soniga aniqlik kiritish ishlari davom etayotganini aytib, tez orada yakuniy ma’lumot berilishini aytgan.
«Shubhasiz, bu so‘nggi yillarda tinch aholiga nisbatan qilingan eng katta hujum», — deya qayd etgan u.
Avvalroq u hissiyotlarga to‘la post yozib, unda «qalbining tub-tubidan larzaga kelgani»ni tan olgandi.
«Mehmonlarimizga qilingan bu hujum — haqiqiy vahshiylik. Bu teraktni sodir etganlar — odamlar emas, faqat nafratga loyiq bo‘lgan hayvonlardir. Buni ta’riflashga so‘z yetmaydi», — degandi Abdulla.












