O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azoda ochlik qurolga aylantirilmoqda

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan G‘azoga humanitar yordam olib kirish 50 kundan buyon to‘liq to‘xtaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Isroil ochlikni falastinliklar uchun jazo va bosim vositasi sifatida qo‘llamoqda.

Fidan bu haqda Anqarada Norvegiya tashqi ishlar vaziri bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda shuncha aholi qirilayotgani dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda.

Turkiya vaziri Isroil harakatlarini inson huquqlari va vijdonga qarshi jinoyatlar, deb baholadi. U G‘azoga humanitar yordamni uzluksiz yetkazish zarurligini alohida ta’kidladi.

Fidan shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining Kipr bilan munosabatlari va Yevropa Ittifoqining bunday jarayonlarga ta’siri haqida ham fikr bildirdi. U Anqara turk dunyosi bilan birdamlikni saqlab qolishini aytdi.

Suriya AQShdan sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi

Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a The New York Times nashriga bergan suhbatida AQShdan mamlakatga nisbatan sanksiyalar siyosatini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi. Uning ta’kidlashicha, ayrim shartlar qo‘shimcha muzokara va muvofiqlashtirishni talab qiladi.

Ash-Shar’a mamlakat armiyasini tubdan qayta qurish uchun vaqt kerakligini aytdi. U sanksiyalar Suriyani tiklash jarayoniga jiddiy to‘siq bo‘layotganini ta’kidladi.

Prezident hech bir davlat Suriya hududidan qo‘shnilarga tahdid qilish uchun foydalanmasligi kerakligini qayd etdi. Chet el askarlari faoliyati mamlakat qonunlariga muvofiq bo‘lishi shart.

Ash-Shar’a Suriya Rossiya bilan mavjud oziq-ovqat va energetika shartnomalarini bajarishda davom etishini bildirdi. G‘arb quroli bilan almashtirish bo‘yicha takliflar hozircha kelib tushmaganini aniqlashtirdi.

Bu vaqtda Buyuk Britaniya Suriya Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va bosh razvedka idoralariga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlaganini ma’lum qildi.

Zelenskiy: AQSh Rossiya agressor ekanini tan olishi kerak