O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 25 aprel kuni Olmaota shahrida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi.
«Bugun Olmaotada Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I janoblari bilan samarali uchrashuv o‘tkazdik. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish masalalari yuzasidan ochiq va atroflicha fikr almashdik. Suhbatimiz savdo, transport-logistika aloqalari, mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro hamkorlik kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oldi», deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari.
«O‘zbekiston taraqqiyotini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani, shuningdek, barqaror, farovon va o‘zaro bog‘langan mintaqani barpo etishga qaratilgan umumiy intilishlarimiz uchun Xitoy tomoniga minnatdorlik bildiramiz. Ikki tomonlama aloqalarimizdagi yuqori dinamikani davom ettirishga kelishib oldik», deb xulosa qildi Baxtiyor Saidov.
















