AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols esingizda bo‘lsa kerak. Ha, Yamanga qarshi zarbalar muhokama qilingan Signal messenjeridagi chatga Atlantic jurnali muharririni qo‘shib qo‘ygan mulozim. Tramp 1 may kuni mana shu maslahatchisining «pattasini qo‘liga tutqazdi».

Albatta, Tramp butun boshli milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi havaskorlarga xos harakat qilib, qandaydir jurnalistni Oq uydagi mulozimlar chatiga qo‘shib qo‘ygani uchun haydalganini tan olmasa-da, iste’fo sababi shu bo‘lgani aniq.

BMTga «surgun qilindi»

Avvalo Mayk Uols egallagan lavozim qanchalik jiddiy ekani haqida ikki og‘iz. AQSh prezidenti ma’muriyatida ko‘p odam ishlamaydi, prezident maslahatchilari ham ko‘p emas. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bevosita xavfsizlik, urush va harbiy harakatlar masalasida prezident qabul qiladigan qarorlarga ta’sir qila oladigan odam. Shunday ekan, Mayk Uols Tramp ma’muriyatining yuqori martabali mulozimi edi deb bemalol ayta olamiz.

Tramp tabiiyki, Uolsni ishdan bo‘shatdim demadi, shunchaki «uni yangi lavozimga tavsiya qilganini» aytdi. «Sizga Mayk Uols nomzodini AQShning BMTdagi elchisi lavozimiga ilgari surishimni mamnuniyat bilan xabar qilmoqchiman. Davlat kotibi Marko Rubio Davlat departamentining kuchli rahbari bo‘lish bilan bir vaqtda vaqtincha milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimini ham egallaydi», deb yozdi Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Uols Twitterʼda Trampning maslahatchisi bo‘lib ishlash uning uchun sharaf bo‘lganini yozdi. Trampning buyrug‘i bilan Mayk Uolsdan tashqari uning o‘rinbosari Aleks Vong, shuningdek, milliy xavfsizlik kengashining yana bir qator a’zolari ishdan bo‘shatilgan.

Amerika nashrlari Uolsning iste’fosini Yamandagi husiychilar pozitsiyasiga berilgan zarbalar Signal chatida muhokama qilingani bilan bog‘lamoqda. O‘shanda Mayk Uols davlat sirlari muhokama qilingan chatga Atlantic jurnali muharririni qo‘shib qo‘ygandi. Jurnalist yozishmalar skrinshotini e’lon qilgach, bu masala Amerikada jiddiy muhokama qilindi, Tramp ma’muriyatida professional bo‘lmagan odamlar yig‘ilgani aytildi.

Darvoqe, jurnalistlar Uols o‘zi qatnashgan oxirgi hukumat yig‘ilishida ham Signal messenjerida sms o‘qib o‘tirganiga e’tibor qaratgan. Tarqalgan suratlardan vitse-prezident Vens nimanidir o‘chirish haqida gapirganini anglash mumkin.

Tramp o‘shanda hammasi joyida degan bo‘lsa-da, katta ehtimol o‘sha vaqtdayoq Uolsni ishdan ketkazishni o‘ylagan. BMTga elchi qilib yuborilganining o‘zi Tramp Uolsni qanchalik yomon ko‘rib qolganidan nishona. Chunki Tramp ikkinchi muddatga kirishganidan beri BMTga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lib, uning qoshidagi tashkilotlardan chiqib ketyapti. Ha, Uols BMTga surgun qilindi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Odatda qaysidir mulozimni biror ishga o‘tkazish orqali «siyosiy jazolash» avtoritar davlatlarda uchraydigan holat. Tramp ikkinchi muddatida aynan avtoritar davlat rahbarlari kabi ishlamoqda.